Xorij mutaxassislari: “Omikron” shtammining soʻnggi variantlari yangi alomatlar bilan namoyon boʻlmoqda

11:40 24 Avgust 2022 Dunyo
364 0

Foto: Arxiv surat

Yana sanoqli kunlardan soʻng kuz mavsumi boshlanadi. Salqin ob-havo sharoitida esa odamlar asosiy vaqtini yopiq bino va inshootlarda oʻtkazishi tabiiy. Qolaversa, oldinda yangi oʻquv yili. Bolajonlar maktablarga, talabalar oliy oʻquv yurtlariga qaytadi.

Bularning barchasi koronavirus infeksiyasining keng tarqalishi uchun qulay muhit. Shu bois, mutaxassislar kelgusi oylarda dunyoda kasallanish koʻrsatkichlari yanada oshib ketishi mumkinligidan tashvishda.

Ana shunday sharoitda shifokorlar «omikron»ning ayni paytda dominantga aylangan shtammlariga xos asosiy kasallik belgilari haqida boyitilgan maʼlumotlarni taqdim etmoqda.

Xususan, hozir birgina Rossiyada COVID-19 tashxisi bilan roʻyxatga olinayotganlarning qariyb 93 foizida B.A.4 va B.A.5 subvariantlari alomatlari kuzatilmoqda. Shu bilan birga, bemorlar orasida «kentavr»ni yuqtirganlar ham bor.

Mutaxassislar fikricha, yoʻtal va hid bilish qobiliyatining yoʻqolishi endi koronavirusga xos asosiy alomat hisoblanmaydi. Yaʼni ushbu belgilarsiz, qolaversa, umuman simptomsiz ham kasallik kechishi mumkinligi takror-takror oʻz isbotini topmoqda.

Shifokorlar kuzatuviga koʻra, bugungi kunda mushaklar va bel sohasidagi ogʻriqlar ham COVID-19dan dalolat berishi mumkin. Ayniqsa, bosh va koʻzlarda ogʻriqlar kuzatilishi «omikron»ning yangi mutatsiyalariga xosdir. Chunki keyingi paytlarda faqat shu belgilar bilan murojaat qilayotganlarda ham koronavirus infeksiyasi aniqlanyapti.

Xoʻsh bu nima bilan bogʻliq?

Olimlar fikricha, dunyo aholisining katta qismi emlangan yoki avvalroq virus bilan kasallangan. Shundan soʻng organizmda antitanalar yuzaga kelganligi esa xastalik alomatlari oʻzgarishiga sabab boʻlmoqda.

Binobarin, bu har bir yangi shtamm, har bir yangi tur, aslida, yangi xususiyatlarga ega boʻlsada, asta-sekin inson tanasiga moslashishini anglatadi. Natijada kasallikning kechishi osonlashib, asoratlar yengillashadi.

Bunga doir yaxshi xabarlar ham bor. Masalan, shifokorlar prognoziga koʻra, endi bemorlarning salomatligi 2-3 kun ichida maxsus muolajalarsiz ham tiklanishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?