Xorazmdagi “zapravka”da 3 mlrd soʻmlik gazdan noqonuniy foydalanildi

16:26 15 May 2025 Jamiyat
143 0

Foto: “Oʻzenergoinspeksiya”

Xorazm viloyati Yangibozor tumanida joylashgan avtomobillarga metan gaz toʻldirish shoxobchasi 3 milliard 48 million soʻmlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyatda “Oʻzenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmasi, viloyat prokuratura va IIB hamkorligida nazorat tadbiri oʻtkazilgan. Unda Yangibozor tumanida joylashgan “F.G.” MChJga qarashli “zapravka” tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani maʼlum boʻlgan.

Xususan, ushbu shoxobchada gaz hisoblash uskunasining konfiguratsiyasiga tashqi taʼsir koʻrsatilganligi aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ushbu qoidabuzarlik natijasida gaz taʼminoti korxonasiga 3 milliard 48 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

Inspeksiya axborot xizmatining bildirishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?