Xorazmda ham qor yogʻdi

16:09 11 Fevral 2025 Jamiyat
212 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Xorazm viloyatida kechadan buyon vaqti-vaqti bilan gupullab qor yogʻmoqda. Ochigʻi, voha ahli bunday pagʻa-pagʻa yogʻadigan laylak qorni anchadan buyon sogʻingandi. Dala-yu qirlar, dov-daraxtlar, butun borliq oqlikka burkangan.

Keksalarning taʼbiricha, qor yogʻsa yer tin oladi, hosil moʻl boʻladi. Taqvim boʻyicha qish adogʻiga yaqin qolgan kunlarda tabiat yana oʻz marhamati bilan atrof javonibni ziynatladi. Ilk qor yoqqan kunda, unutilayozgan qorxat bitish anʼanasi ilgarigiday xatjildlarda emas, ijtimoiy tarmoqlarda elektron shaklda yana urfga kirdi.

Sovuq havoda yoʻllarda sirpanchiqlar hosil boʻlsada, harakat xavfsizligi choralari koʻrilib, transportlar qatnovi odatdagiday davom etmoqda. Yurtdoshlarimizning, ayniqsa, bolajonlarning kayfiyati aʼlo! Sinoptiklarning xabariga koʻra vohada qor yogʻishi ertaga ham davom etadi!

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?