Xorazm viloyatida “DXM volontyorlar klubi” ish boshladi

12:49 23 Fevral 2021 Jamiyat
150 0

Kun sayin Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni ortib bormoqda. Bu esa foydalanuvchilarga bir qator qulayliklar yaratishi barobarida DXMga tashrif buyuruvchilar sonining ortishiga, ularning navbatlarda kutib qolishiga sabab boʻlayotganligi hech birimizga sir emas.

Maʼlumot uchun: Davlat xizmatlari markazlari tashkil qilinganida ular tomonidan aholiga atigi 16 ta davlat xizmati koʻrsatilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib xizmatlar soni 150 taga yetdi va ushbu koʻrsatkichni 300 taga yetkazish koʻzda tutilgan.

Xususan, Xorazm viloyatida ham fuqarolarga qulayliklar yaratish boʻyicha barcha DXMlarda elektron navbat berish qurilmalari oʻrnatilgan, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchaklari tashkil qilingan, markaz xodimlari tomonidan maxsus texnik vositalar bilan jihozlangan avtotransport vositalarida olis hududlarga borib, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatib kelinyapti. Oʻz navbatida markazdan uzoq hududlarda 6 ta DXM filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Lekin hayot bu borada amalga oshirilgan ishlarning yetarli emasligidan dalolat bermoqda.

Binobarin, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish, aholining onlayn xizmatlardan foydalanish boʻyicha koʻnikmalari, ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar sonini oshirish maqsadida viloyatda “DXM volontyorlar klubi” tashkil qilindi.

“DXM volontyorlar klubi” faoliyatini yoʻlga qoʻyish bir necha bosqichda amalga oshirilyapti.

Xususan, yaqinda Urganch shahridagi yuridik texnikumda taʼlim olayotgan 60 nafar yoshning Urganch shahar DXMga tashrifi tashkillashtirilib, “DXM volontyorlar klubi”ga aʼzo boʻlish istagini bildirgan ilk qaldirgʻochlar roʻyxati shakllantirildi. Talaba-yoshlar DXMlarga ixtiyoriylik asosida jalb qilinib, ularga masʼul xodimlar tomonidan Davlat xizmatlari markazlarining va volontyorlar klubi faoliyati haqida maʼlumot berildi. Kelgusida volontyorlik qilish istagini bildirgan yoshlarning yashash joyi boʻyicha mahallalar kesimida roʻyxati tuziladi.

Keyingi bosqichda klub aʼzolariga boshqarma va DXM xodimlari tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha bir haftalik seminar-trening tashkil qilinadi.

Shundan soʻng, volontyorlar tomonidan boʻsh vaqtlarida oʻzlarining mahallalarida aholiga bevosita davlat xizmatlarini onlayn koʻrsatish barobarida ularning mazkur xizmatlardan foydalanish koʻnikmalari oshiriladi hamda davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi targʻib qilinadi.

Xoʻsh, klbuga aʼzo boʻlish nima beradi?

Har oy yakunida boshqarma tomonidan eng faol volontyorlar aniqlanib, eng ularga sertifikat, qimmatbaho sovgʻalar berish, bundan tashqari, alohida namuna koʻrsatgan volontyorlarni DXM va FHDYO boʻlimlari kadrlar zaxirasiga olinib, belgilangan tartibda ishga qabul qilish masalasi koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?