Xorazmda 73 yoshli otaxon hamda 70 yoshli turmush oʻrtogʻi oradan 50 yil oʻtib qonuniy nikohdan oʻtdi

10:54 11 Avgust 2022 Jamiyat
769 0

Foto: Xorazm viloyati adliya boshqarmasi

Xorazm viloyati Hazorasp tumani “Pichoqchi” qishlogʻida yashaydigan 73 yoshli otaxon hamda 70 yoshli turmush oʻrtogʻi oradan 50 yil oʻtib qonuniy nikohdan oʻtdi. Bu haqda Xorazm viloyati adliya boshqarmasi xabar berdi.

Abdullayev Sharip (1949-yil tugʻilgan) hamda Usanova Kurban (1951-yilda tugʻilgan) hozirda 6 nafar farzandning ota-onasi hisoblanadi. Ular shu kunga qadar nikohni qonuniy qayd etmasdan yashab kelishgan.

Oradan 50 yil vaqt oʻtib, qonuniy nikohdan oʻtmagan oilaga Hazorasp tuman FHDY boʻlimi masʼullari amaliy koʻmagi bilan er-xotinning nikohlari qonuniy tartibda rasmiylashtirilib, nikoh guvohnomasi topshirildi.

“Bolalarning dardu tashvishlari bilan ovora boʻlib, nikoh guvohnomasini olish xayoldan ham koʻtarilgan ekan. Toʻyimizga koʻp vaqt boʻlgan boʻlsada, guvohnoma olish uchun vaqt ajratmaganimizni qarang. Hozir nevara, chevarali boʻlganimizda birinchi marta nikohni qayd etganimiz ayolimning 70 yoshli yubiley toʻyiga ajoyib sovgʻa boʻldi”, – deydi Sharip ota Abdullayev.

Hududlarda olib borilayotgan mahallabay oʻrganishlar natijasida nikoh va tugʻilganlik guvohnomalari vaqtida rasmiylashtirilmagan fuqarolar aniqlanib, ularga tegishli tartibda amaliy yordam koʻrsatilib, guvohnomalar rasmiylashtirilib berilmoqda. Shu kabi holatlardan bittasi Abdullayevlar oilasi boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер