Xorazm toʻqimachilik sanoatida ikki yilda 40 ta loyiha amalga oshiriladi

19:02 17 Fevral 2023 Jamiyat
648 0

Foto: Xalq so‘zi

Toʻqimachilik sanoati keyingi yillarda Xorazm viloyati iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va mahsulot eksport qilish boʻyicha yetakchi tarmogʻiga aylandi. Prezidentimizning 2022-yil 21-yanvardagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda ularning eksportini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni viloyatda mazkur tarmoqlar rivojini yana bir bosqichga olib chiqdi. Ushbu hujjat ijrosi doirasida paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etilgan holda ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuksak texnologiyali innovatsion ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilayotir.

Jumladan, Shovot tumanida “Uztex Group” tarkibiga kiruvchi “Textile Finance Khorezm” MCHJ tomonidan ishga tushirilayotgan tayyor tikuv mahsulotlari va ip-kalava ishlab chiqarish quvvatlari ana shunday istiqbolli loyihalardan hisoblanadi. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 60 mln. dollar boʻlib, yiliga 10 ming tonna ip-kalava va 7 mln. dona tikuv mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yangi sexlarning ishga tushishi natijasida qoʻshimcha 2 mingta ish oʻrni yaratilib, korxonaning eksport imkoniyati qoʻshimcha 30 mln. dollarga oshadi.

Qoʻshkoʻpir tumanida “WBM Qoʼshkoʼpir klaster” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan ip-kalava ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 49 mln. yevroga teng boʻlib, quvvati yiliga 24 ming tonnani tashkil qiladi. Korxona joriy yilning II chorak yakunigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan va bu yerda 600 kishi bandligi taʼminlanadi.

— 2023-2024-yillarda viloyatda toʻqimachilik sanoatida umumiy qiymati 360 mln. dollar boʻlgan 40 ta loyiha amalga oshirilishi va 14 ming 515 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan, — deydi Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi kotibiyati mudiri Neʼmatjon Otayev. — Jumladan, 2023-yilda 39 ming tonna ip-kalava, 30,2 ming tonna trikotaj mato, 21 ming tonna matoni boʻyash, 80 mln.dona tayyor tikuvchilik mahsulotlari, 62,5 ming kvadrat metr gazlama mato tayyorlash loyihalari roʻyobga chiqariladi.

Bundan tashqari viloyatdagi toʻqimachilik sanoati korxonalarining xorijiy brendlar bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyilmoqda. Jumladan, Gurlan tumanidagi «Gurlan Global Teks» MCHJda mashhur “LC Waikiki”, Urganch shahridagi «UzTeks Grup» filialida “Stefano Ricci” brendlari ostida mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Mustaqillikning dastlabki yilida Xorazm viloyatida shu hududda yetishtirilgan paxta tolasining atigi bir foizi qayta ishlangan boʻlsa, yangi korxonalarni bunyod etish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash hisobiga joriy yil oxirigacha viloyatda ishlab chiqarilgan paxta tolasini toʻliq qayta ishlashga yetarli quvvatlar ishga tushiriladi.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер