Xonandalardan daromad soligʻi undirish miqdorlari belgilandi

09:55 14 Iyul 2022 Jamiyat
552 0

Foto: Illustrativ foto

“Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–168-son, 13.07.2022-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilarning reyting guruhlari soni 6 tadan 3 taga qisqartirildi.

Reyting guruhlari quyidagicha taqsimlanadi:

I reyting guruhi:

— respublika hududida va uning tashqarisida yakkaxon konsert tashkil etish;

— II va III reyting guruhlari ijrochilari uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;

II reyting guruhi:

— bitta janrning ikki va undan koʻp ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida, turli janrlar yoʻnalishlarining bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida qatnashish;

— OAVda qoʻshiqlar va videokliplarni taqdim etish;

— III reyting guruhi ijrochisi uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;

III reyting guruhi:

— toʻy, yubiley, tantanalarda konsert-tomosha xizmatlarini koʻrsatish;

— sozanda va raqqos(a)lar tomonidan bitta janrning ikki va undan koʻp ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturlarini tashkil etish va ularda qatnashish.

Konsert-tomosha faoliyati litsenziyasi uchun davlat bojini undirish 2022-yil 1-sentyabrdan:

Davlat boji stavkalari pasaytiriladi:

— I reyting guruhi uchun BHMning 20 baravari;

— II reyting guruhi uchun BHMning 10 baravari;

— III reyting guruhi uchun BHMning 3 baravari;

Quyidagi sanʼatkorlar davlat bojini toʻlashdan ozod etiladi:

— yoshga doir pensiya olish huquqiga ega;

— nogiron;

— taʼlim muassasalarida oʻqiydigan talabalar – oʻqish muddati davomida;

Yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan davlat boji yagona litsenziya boʻyicha undiriladi.

Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar daromad soligʻini deklaratsiya asosida yoki qatʼiy belgilangan miqdorda toʻlashi mumkin.

2024-yil 1-yanvardan xonandalardan, 2026-yil 1-yanvardan qolgan ijrochilardan daromad soligʻi faqat deklaratsiya asosida undiriladi.

Deklaratsiya asosida soliq toʻlashni tanlagan ijrochilar uchun:

— yillik umumiy daromadning 30 foizidagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi;

— xarajatlar summasi daromadning30 foizidan oshganda daromadning 10 foizi miqdori chegiriladi;

— litsenziya uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chegiriladi.

Qatʼiy belgilangan miqdordagi soliq toʻlashni tanlagan ijrochilardan daromad soligʻi bir yilda bir marta quyidagi miqdorlarda undiriladi:

— I reyting guruhi ijrochilaridan 2,7 mln soʻm;

— II reyting guruhi ijrochilaridan 1,8 mln soʻm;

— III reyting guruhi ijrochilaridan 1,0 mln soʻm.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?