Xonadonda 1 mlrd. soʻmlik pirotexnika vositalari va tamaki mahsulotlari saqlanayotganligi fosh qilindi

18:53 19 Dekabr 2023 Jamiyat
379 0

Respublikamiz bojxonachilari pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor tadbirlarni muntazam davom ettirishmoqda.

Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining xonadondagi yashirin ombori fosh qilindi.

Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi avvaldan kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan va muqaddam turli yoʻllar bilan respublikamizga olib kirilgan 162 ming 153 dona salyutlar va petardalar saqlanayotganligi maʼlum boʻldi.

Faqatgina shu emas, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo raqamli markirovka kodlariga ega boʻlmagan 9500 quti tamaki mahsulotlari ham saqlanayotgan ekan.

Shunday qilib, tezkor tadbir davomida olib qoʻyilgan pirotexnika vositalari va tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 1 mlrd. soʻmdan oshmoqda.

Eslatib oʻtamiz, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida aniqlangan 140 ga yaqin bojxona qonun buzilishi holatlarida qiymati salkam 2,7 mlrd. soʻmlik 3 mln. 158 ming donadan ziyod pirotexnika vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib kirilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qoʻyilgan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?