XXR Raisi davlat tashrifi bilan Oʻzbekiston Respublikasida boʻladi

14:58 12 Sentyabr 2022 Siyosat
807 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 14-16-sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻladi.

Tashrif dasturiga muvofiq Samarqand shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtadi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqiladi.

Har doimgidek, hamkorlikning amaliy jihatlari, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, innovatsiyalar, “yashil” va raqamli iqtisodiyot borasidagi qoʻshma loyihalar, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalaridagi dasturlarni ilgari surish masalalari diqqat markazida boʻladi.

Oʻzbekiston va Xitoy yetakchilari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Uchrashuv yakunida Qoʻshma bayonot va salmoqli kelishuvlar toʻplamini imzolash koʻzda tutilgan.

XXR Raisi Si Szinpin 15-16-sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?