Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari beriladi

16:41 07 Iyul 2022 Jamiyat
460 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtmoqda. 

Majlisda dastlab “Soliq va bojxona qonunchiligi, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarining qoʻllanilishini takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi stavkasi 15 foizdan 10 foizga tushiriladi, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlari daromad soligʻidan ozod etiladi, xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari beriladi va alohida soliq rejimi joriy etiladi.

Majlisda qayd etilganidek, kapital bozorini qoʻllab-quvvatlash uchun soliq imtiyozlari beriladi, tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallari importi qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi, xotin-qizlarning bandligini oshirish maqsadida mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylarning reyestriga kiritilgan hududlardagi tadbirkorlik subyektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida oʻrnatiladi.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yurtimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, adolatli raqobat tamoyillarini joriy etish hamda tadbirkorlik subʼektlarining oʻz ishlab chiqarishini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?