Xizmat koʻrsatish sohasi – mahallalar rivojining asosiy drayveri boʻlmoqda

13:50 16 Noyabr 2022 Jamiyat
274 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimiz iqtisodiyotida xizmat koʻrsatish va servis sohasi tez rivojlanuvchi tarmoqlar sirasiga kirib, faoliyat koʻlami va qamrovi yildan-yilga kengayib bormoqda. Raqamlar koʻrinishida ifodalasak, mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning 38 foizi va umumiy korxonalarning 60 foizi xizmatlar sohasiga toʻgʻri keladi. Respublikada jami band aholining 50 foizdan ortigʻi xizmatlar sohasining ulgurji va chakana savdo, taʼlim, transport, davlat boshqaruvi, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy yoʻnalishlarida faoliyat yuritmoqda. Binobarin, Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitobiga koʻra, xizmatlar sohasining 1 foizga oʻsishi kambagʻallikni oʻrtacha 1,5 foizga qisqartirish imkonini berar ekan.

Birgina Navoiy viloyati misolida koʻradigan boʻlsak, joriy yilda hududlarining asosiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlariga koʻra xizmatlar hajmi 6,7 trln.soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 14,7 foizga oʻsishga erishilganini kuzatish mumkin. Aholi jon boshiga nisbatan koʻrsatilgan xizmatlar hajmi esa 6,4 mln.soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12,4 foizga ortdi. Rejadagi 1 ming 254 ta oʻrniga 1 ming 686 ta xizmat koʻrsatish obyekti ishga tushirilib, qoʻshimcha 3 467 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Xizmat koʻrsatish sohasi rivojiga mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi hokim yordamchilari faoliyati kuchli impuls berdi, desak mubolagʻa emas. Ular har bir hududda kamdaromadli oilalar, ishsizlar, qoʻshimcha daromad topish istagidagi fuqarolar, nogironligi bor shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlarni aniqlab, asosiy eʼtiborni mazkur qatlam muammolari yechimiga qaratdilar.

— Dastlab mahallamizda 131 nafar fuqaroni ishsiz sifatida roʻyxatga olgan edik, — deydi Karmana tumani “Oʻzbekiston” MFYdagi tuman hokimi yordamchisi Husen Amonov. — Oʻtgan oʻn oy ichida 18 ta yangi korxona ochib, 198 ta yangi ish oʻrni yaratdik. 99 nafar fuqaroga 1 041 mlrd. soʻm kredit mablagʻlari ajratildi. Agar oʻtgan yilning mos davri bilan solishtiradigan boʻlsak, bu qariyb oʻn besh baravar koʻp demakdir. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur tadbirlar natijasidan shugina mahallaning oʻzidan davlat byudjeti 4,5 milliard soʻmlik qoʻshimcha soliq manbaiga ega boʻlmoqda.

Xizmat koʻrsatish sohasi orqali aholining ijtimoiy muammolariga yechim topilayotgan mahallalardan yana biri Karmanadagi “Mir Said Bahrom” MFYdir. Tumanning qoq markazida joylashgan ushbu mahallada Navoiy koʻchasi markaziy koʻcha sifatida tanlanib, qiymati 50 mlrd. 303 mln.soʻmlik 45 ta loyiha shakllantirildi. Shu asosda 150 ga yaqin ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilib, joriy yilning toʻqqiz oyi yakuniga koʻra qiymati 42 mlrd. 603 mln. soʻmlik 37 ta xizmat koʻrsatish obyekti ishga tushirildi. Mahalla ahlining 127 nafari oʻz ish oʻrinlariga ega boʻldi.

— Mahallamizda xizmat koʻrsatish rivojlanishning asosiy drayveri etib belgilandi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Behzod Savurov. — Tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlarining 80 foizi shu soha ulushiga toʻgʻri keladi. Eng muhimi, hudud imkoniyatidan kelib chiqib, yangi xizmat turlarini yoʻlga qoʻyishga eʼtibor qaratdik. Misol uchun, mahallamiz hududidagi 2- umumtaʼlim maktabi IT sohasiga ixtisoslashtirilgan va maktab oʻquvchilari 2021-yili “Bir million dasturchi” loyihasi respublika tanlovida birinchi oʻrinni egalladi. Shundan kelib chiqib 200 oʻrinli oʻquv markazi bazasida IT oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda mazkur kursning birinchi qaldirgʻochlari hisobotlarni topshirish, sayt va dastur yaratish xizmatlarini koʻrsatib, oyiga 3-4 mln.soʻmgacha daromad olishmoqda.

Bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, xizmatlar sohasining ravnaqi fuqarolarning bandligini taʼminlashda muhim yoʻnalish boʻlish bilan birga aholi farovonligi oshirish, isteʼmolchilar talabini qanoatlantirish, hududlarning sayyohlik jozibadorligining ortishida ham oʻz samarasini bermoqda.
 

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?