Xiva restavratsiya maktabi tashkil etiladi

15:13 14 Iyul 2022 Jamiyat
424 0

Xiva restavratsiya maktabi tashkil etiladi. Bu haqda joriy yilning 12-iyul kuni imzolangan Vazirlar Mahkamasining qarorida maʼlum qilindi.

Qarorga koʻra, YUNESKO koʻmagida tashkil etilgan ushbu maktabga xorijdan ham yetakchi ekspertlar jalb qilinadi.

Maktab faoliyati YUNESKO, Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xaqaro kengashi (IKOMOS), Madaniy boyliklarni asrash va restavratsiya qіlish xalqaro tadqiqot markazi (IKKROM), Oʻzbekistonda madaniy meros masalalari boʻyicha tashkil qilingan Xalqaro maslahat qoʻmitasi, Agentlik, shu jumladan uning Ilmiy-ekspert kengashi, “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti,

Kamoliddin Bedzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti, Samarqand arxitektura-qurilish instituti hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslar bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Maktabning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

– tegishli mutaxassislar uchun malaka oshіrish kurslarini tashkil qilish va bu kurslarga mahalliy hamda chet ellik mutaxassislarni jalb etish boʻyicha Markazga takliflar kiritish;

– “ustoz-shogird” anʼanalarini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni olib borish, shuningdek, sohaga yangi usul, material va texnologiyalar, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini tatbiq etish boʻyicha ilmiy-amaliy asoslangan takliflar tayyorlash;

– malaka oshirish kurslarining tinglovchilarida amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish hamda ular ishtirokida moddiy madaniy meros obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishni tashkil qilishda koʻmaklashish;

– asrashga doir ishlar sohasida mahalliy va chet ellik ekspertlar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar, anjuman va boshqa tadbirlar tashkil etish, shuningdek, uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish va eng yaxshi tajribalarni ommalashtirishda ishtirok etish.

Maʼlumot uchun, oʻtgan yili “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi” davlat muassasasi va bosqichma-bosqich uning davlat muassasasi shaklida Xiva, Samarqand, Buxoro, Termiz, Shahrisabz va Qoʻqon shahar mintaqaviy markazlariga asos solingandi. Xiva restavratsiya maktabi direksiyaning Xiva shahar mintaqaviy markazida tashkil etildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?