Xitoyliklar sumalak saylini boshlab yuborishdi

16:43 16 Fevral 2024 Jamiyat
236 0

Bagʻdod tumanining chekka hududida joylashgan “Xitoy” MFY ahli qoʻshaloq xursandchilik ogʻushida koʻklam taomlarini pishirishga kirishdilar.

Gap shundaki, 2023-yilning 27-28-iyul kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Prezidentimiz ushbu mahallaga kelib, Abdugʻaffor va Raʼnoxon Xalilovlar oilasi bilan samimiy suhbatlashgan edi. Oʻshanda farzandlar baxtu kamolini koʻrib, dorilamon kunlar shukronasi bilan yashayotgan mahalla nuroniylari hududdagi maktabga qoʻshimcha darsxona hamda MFYga zamonaviy xizmat binosi qurilishida amaliy yordam soʻrashgan edi. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida 22-umumiy oʻrta taʼlim maktabi uchun 210 oʻrinli, mahalla fuqarolar yigʻiniga esa 3 qavatli yangi bino qad rostladi.

“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida mahallaning 4,5 km ichki yoʻllari asfalt qilindi, ichimlik suvi, elektr tarmoqlari yaxshilandi. Tomorqachilik, parrandachilik, mebelsozlik, temirchilik kabi tarmoqlarda yangi loyihalar ishga tushirildi va yangi ish oʻrinlari yaratildi.

— Yurtimizda koʻklam nafasi sezilib qolgan shu kunlarda mahalladoshlar xonadonimizda sumalak sayli boshladik, — deydi ”Xitoy” MFYda istiqomat qiluvchi Sanobarxon Mahkamova. — Qoʻshaloq tantana sifatida nishonlangan sumalak saylida koʻklam taomlari pishirildi, palov damlandi. Xonadonimizda tongga qadar oʻlan va laparlar, qadrdon kuy-qoʻshiqlar yangradi.

Aytish joiz, bugungi kunda mahalladagi 758 ta oilada 2800 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер