Xitoylik olimlar Orolboʻyida noyob dorivor oʻsimlik plantatsiyalarini barpo etishadi
Foto: “Xalq soʻzi”
Xitoyning Sinszyan ekologiya va geografiya institutining bir guruh olimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurib, Orolboʻyi Xalqaro innovatsion markazi rahbarlari bilan yuzma-yuz muloqotda sistanxe dorivor oʻsimligini yetishtirish masalasi muhokama qilishdi. Sistanxe oʻsimligini yetishtiruvchi plantatsiyalar tashkil qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
— Sistanxe dorivor oʻsimligini yetishtirish uchun tumanimizning “Abat jap” oʻrmon xoʻjaligi fondi yeridan 10 gektar maydon tanlab olindi,—deydi Chimboy tumani hokimi A.Tajetdinov. – Prezidentimizning 2022-yil 20-maydagi “Dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida Chimboy tumanida ham oʻrmon fondi yerlarida dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish nazarda tutilgan edi. Bugun Sinszyan ekologiya va geografiya institutining bir guruh olimlari bilan bu borada amalga oshiriladigan tadbirlarimizni muhokama qilib oldik.
Shuningdek, uchrashuvda Chimboy tumanida sistanxe oʻsimligini yetishtirish rejalashtirilgan dala maydonlari boʻyicha taklif qilinayotgan loyiha taqdimoti oʻtkazildi.
Aytish joiz, davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-may kungi qarori ijrosi doirasida Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazi tomonidan Xitoy fanlar Akademiyasining Sinszyan ekologiya va geografiya instituti bilan muzokaralar oʻtkazilib, yaqinda markaz direktori B. Xabibullayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Sinszyan-Uygʻur avtonom tumanida boʻlib qaytishdi. Safar davomida 2000 gektar maydondagi parvarishlanayotgan sistanxe oʻsimligi plantatsiyalarida boʻlib, ushbu oʻsimlikni madaniy holda yetishtirish tajribasini oʻrganishdi.
Maʼlumotlarga koʻra, sistanxe oʻsimligi Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Pireney yarim oroli choʻllaridagina oʻsadi. Yaponiya, Xitoy va Qozogʻiston farmatsevtika sanoati va kosmetologiya sohasida keng qoʻllaniladi. Qozogʻistonda u “boʻri ozuqasi” deb ataladi. Ovchilar va oʻrmon atrofida yashovchilarning kuzatuvlariga qaraganda, sovuq qishdan chiqqan holsiz boʻri shu oʻsimlik ildizini isteʼmol qilib kuch oladi. Osiyo xalqlari oʻrtasida sistanxe oʻsimligi qadimdan “sahrodagi hayot ildizi”, “oltin tomir” nomlari bilan atalib kelinadi.
Hozirgi vaqtda Qozogʻiston Markaziy Osiyoda sistanxeni qayta ishlab, eksport qilayotgan yagona davlat boʻlib, uning asosiy xaridorlari Yaponiya, Xitoy va boshqa Shimoli-sharqiy Osiyo davlatlaridir. Qozogʻistonning Jambil viloyatidagi sexda yiliga 100 tonnadan ortiq quritilgan sistanxe yetishtiriladi.
Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring