Xitoylik investorlar Namanganda gilos plantatsiyalari tashkil etish loyihasini amalga oshiradi

18:45 26 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
638 0

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Xitoylik investorlar tomonidan tashkil etilgan “Namangan Qianxing Invesment” xorijiy korxonasi vakillari bilan videokonferensiya shaklida muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Viloyat hokimligi maʼlum qilishicha, muloqotda xitoylik investorlar tomonidan Namangan shahrining Koʻzagarlik dahasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari muhokama qilindi. Shundan soʻng xorijiy hamkorlar bilan birgalikda viloyatda gilos plantatsiyalari tashkil etish loyihasi boʻyicha fikr almashildi.

Xitoy gilos mevalarini sotib oladigan dunyodagi eng yirik importchi davlat hisoblanadi. Mazkur davlat har yili chet eldan 300 ming tonna gilos xarid qiladi, importning umumiy miqdori esa 1,3 milliard dollardan oshadi.

Xitoyga gilos, asosan, Chili, AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadan yetkazib beriladi. 2018-yil ularning safiga Oʻzbekiston ham qoʻshildi.

Ushbu investorlar Namanganda ushbu yoʻnalish bilan shugʻullanadigan kompaniyani roʻyxatdan oʻtkazish arafasida. Chust tumanida esa gilos plantatsiyalari uchun moʻljallangan yer maydonlarini ajratish koʻzda tutilmoqda.

Xitoy vakillari Namanganda gilos yetishtirishga investitsiya kiritish, viloyatda gilos yetishtirish va eksportga yuborish hajmini oshirish istagini bildirdi.

Videomuloqot yakunida joriy yil dekabr oyida bu borada oʻzaro shartnoma imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?