Xitoyda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida 65 kishi hayotdan koʻz yumgan

19:30 06 Sentyabr 2022 Dunyo
583 0

Foto: DW

Joriy yilning 5-sentyabr kuni Xitoyning Sichuan provinsiyasida kuchli zilzila yuz berdi. Hozirga qadar tabiiy ofat oqibatida 65 kishi halok boʻlgani maʼlum boʻldi. Qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.

Bu Xitoyda 2017-yildan beri sodir boʻlgan eng kuchli zilzila hisoblanadi. Uning magnitudasi 6,8 ballni tashkil etgan.

Xitoy OAV xabarlariga koʻra, tabiiy ofat oqibatida 250 nafarga yaqin odam jabrlangan. Oʻnlab insonlarning jarohati ogʻir ekani aytilmoqda. Tabiiy ofat dushanba kuni tushdan keyin sodir boʻlgan, uning epitsentri togʻli hududda qayd etilgan. Zilzila shunchalik kuchli boʻlganki, hatto uning taʼsiri yuzlab kilometr uzoqlikdagi qoʻshni hududlarga ham sezilgan.

Mahalliy matbuotning yozishicha, muzliklari bilan mashhur Xayluogou sayyohlik maskanida 200 nafardan ortiq odam qolib ketgan. Qutqaruvchilar ularga yetib borish uchun vayronalarni tozalashda davom etmoqda.

Zilzila epitsentrida elektr va suv infratuzilmasi hamda telekommunikatsiya tarmoqlariga jiddiy zarar yetgan. Shuningdek, 243 ta turarjoy vayron boʻlgan, yana 13 010 tasi zarar koʻrgan. Zilzila tufayli bir qancha shaharlarda elektr energiyasi uzilib, magistral yoʻllar, yettita gidroelektr stansiyasi shikastlangan.

Bu 2017-yilning avgustidan beri Xitoyda yuz bergan eng kuchli zilzila hisoblanadi. Oʻsha yili Aba prefekturasida 7,0 magnitudali zilzila qayd etilgandi.

Soʻnggi oʻn yillikdagi Xitoyda eng dahshatli zilzila 2008-yilda sodir boʻlgan. Magnitudasi 8,0 ballni tashkil etgan tabiiy ofat oqibatida 70 000 kishi hayotdan koʻz yumgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?