Xitoyda birinchi marta mamlakat boʻylab qurgʻoqchilik haqida umummilliy ogohlantirish eʼlon qilindi

07:12 21 Avgust 2022 Dunyo
1510 0

Xitoy hukumati yirik oʻrmon yongʻinlari fonida mamlakatda joriy yil hisobidan birinchi marta qurgʻoqchilik haqida umummilliy ogohlantirish eʼlon qildi.

Joriy yilning 18-avgust kuni Xitoyda ob-havo xavfining “sariq” darajasi eʼlon qilindi. Bu maksimal xavfdan ikki daraja past.

Qayd etilishicha, bir necha hafta davomida Osiyoning eng uzun daryosi Yanszining janubi-gʻarbiy Sichuandan Shanxaygacha boʻlgan oqimi boʻylab gʻayritabiiy issiqlik kuzatilmoqda. Daryoning oʻng qirgʻogʻida joylashgan Szyansi provinsiyasidagi Poyang koʻli yilning shu faslidagi odatdagi hajmining chorak qismigacha qurib qolgan. Shuningdek, Chunsin munitsipalitetining 34 okrugidagi 66 taga yaqin daryo qurib qolgan.

15-avgust kuni Yanszining asosiy kuzatuv nuqtasi boʻlgan Uxanda mutaxassislar daryoning sathi 17,54 m. atrofida, yaʼni oʻtgan yillardagi oʻrtacha koʻrsatkichdan olti metrga past ekanligini qayd etishdi. Taʼkidlanishicha, bunday maʼlumotlarni qayd yetish boshlangan - 1865-yildan beri daryodagi suv sathi eng past darajaga tushib ketgan.

Mutaxassislarning fikricha, bu hodisaga daryo vodiysida yogʻingarchilikning oz boʻlishi, uning yuqori qismida suvning kam miqdorda kirib kelishi, yuqori harorat suvning bugʻlanishini tezlashtirgani sabab boʻlgan. Yanszi Xitoy aholisining uchdan bir qismi yashaydigan hududdan oqib oʻtadi.

Xitoy janubida joriy yilning iyul oyidan beri yuqori harorat kuzatilmoqda. Shu bilan birga, koʻplab Yevropa davlatlari, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Ispaniyada ham gʻayritabiiy issiqlik va qurgʻoqchilik kuzatilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?