Xirurgiya markazida yil boshidan buyon qariyb 500 nafar bolada tugʻma yurak nuqsoni jarrohlik yoʻli bilan davolandi

14:45 11 Avgust 2022 Jamiyat
440 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga qaraganda, sayyoramizda har yili 100 ming nafar chaqaloqdan 600-800 nafari tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi.

Qolaversa, mazkur xastalik kelib chiqishiga koʻra, nevrologik, tugʻma nuqsonlar va suyak-mushak tizimi kasalliklaridan soʻng uchinchi oʻrinda qayd etilgan. Eng achinarlisi, oʻz vaqtida zarur muolajalar qilinmasa, bu dard bola oʻlimiga sabab boʻlishi mumkin.

Shu bois uni erta aniqlash, oldini olish va bemor oʻgʻil-qizlarning darddan forigʻ boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish juda muhim.

Qayd etish kerak, bugungi kunda yurtimiz tibbiyotida ushbu xastalikni yangicha va zamonaviy davolash usullari amaliyotga keng joriy etilmoqda. Xususan, akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mazkur yoʻnalishda bir qator noyob operatsiyalar oʻtkazilyapti.

Misol uchun, ayni paytda mamlakatimizda tugʻma yurak nuqsoniga chalingan 4158 nafar bola boʻlib, ular safiga har yili yana 600 nafar murgʻak bemor qoʻshiladi. Eʼtiborlisi, oʻtgan 2021-yil markazda yurak-qon tomir tizimining tugʻma nuqsonlari boʻlgan ana shunday bolalarda 620 ta, shu jumladan, 3 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarda 194 ta murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

— Jahon miqyosida bunday operatsiyalar oʻta murakkab hisoblanadi, — deydi ushbu muassasa boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari doktori Hakimjon Abrolov. — Aytish kerak, 2022-yil yurtimizda mazkur amaliyotga boʻlgan yuqori ehtiyoj tufayli markazda yangi — tugʻma yurak nuqsonlari jarrohligi boʻlimi faoliyat boshladi.

Bu esa joriy yilning oʻtgan davri davomida 497 ta ana shunday murakkab operatsiyalarni amalga oshirish imkonini berdi. Ulardan 60 nafari esa 3 yoshgacha boʻlgan bolalardir.

Shuningdek, bu turdagi noyob amaliyotlarni nafaqat ushbu muassasada, balki hududlarda bajarishga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Natijada 2021-yil viloyat markazlarida turli tugʻma yurak nuqsonlari boʻlgan bolalarda 53 ta jarrohlik operatsiyasi oʻtkazildi.

2022-yilning birinchi yarmida esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Buxoro hamda Samarqand viloyati markazlarida 35 ta bunday yuqori texnologiyali noyob muolajalar bajarildi.

Bu esa bolalarga kardioxirurgik yoʻnalishda sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini bermoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер