XDP fraksiyasi muhtoj bolalarga uy-joy uchun ajratiladigan mablagʻlar sarflanishini nazoratga oladi

16:58 25 Noyabr 2020 Jamiyat
199 0

Mehribonlik uylari bitiruvchilarini uy-joy bilan taʼminlash masalasi nihoyatda dolzarb vazifa. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlari va faollari bu masalani respublika miqyosida chuqur oʻrganib, bir necha marta koʻtarib chiqqan edi. Muammoning asosiy sababi moliyaviy jihatga bogʻliq ekani taʼkidlangandi.

Kuni-kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yigʻilishida atroflicha koʻrib chiqilgan 2021-yilga moʻljallangan Davlat byudjeti loyihasida bu masala alohida eʼtiborga olingani, Mehribonlik uylarining uy-joyga muhtoj bitiruvchilari uchun 30 milliard soʻm ajratilishi belgilanayotgani har tomonlama toʻgʻri ish boʻldi.

Chunki joylarda bu boradagi holat yaxshi emas. 2011 — 2019-yillarda Mehribonlik uylarining jami 2300 nafardan koʻproq bitiruvchisidan 1000 nafardan koʻprogʻi turar joyga muhtoj deb topilgan boʻlsa, ularning yarmidan koʻpi haligacha uy berilishini intizorlik bilan kutayotgan edi. Davlat byudjetidan mablagʻ ajratilishi rejalashtirilganini eshitib, ular hammamizdan koʻproq quvonishi aniq.

Xalq demokratik partiyasi hukumatning bu qarorini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Kelgusi yillarda bunday mablagʻlar miqdorini oshirish choralarini koʻrish kerak, deb hisoblaydi.

Mablagʻ ajratiladi, bu quvonarli, lekin uning sarflanish mexanizmi qanday boʻladi? Adolat va shaffoflik taʼminlanadimi? Bu savollarga javob topishimiz zarur. Fraksiyamiz aʼzolari mazkur yoʻnalishdagi ishlar qanday tashkil etilishini nazorat qilishga kelishib oldik.

Sherzod RAHMONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?