XDP fraksiyasi mahalliy deputatlar bilan birga ikkita vazirlik axborotini eshitdi

12:54 26 Noyabr 2020 Siyosat
645 0

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasining videoselektor yigʻilishi yangicha formatda oʻtkazildi. Unda partiya Saylovoldi dasturida belgilangan dolzarb ijtimoiy masalalar boʻyicha Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirliklarining partiya elektoratini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan axborotlari eshitildi, ayni kunlarda dolzarb boʻlib turgan vazifalar haqida munozara yuritildi.

Dastlab aholi bandligini taʼminlash va huquqlarini himoya qilishda davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlarining qay darajada samarali sarflanayotgani haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri oʻrinbosari deputatlarga axborot berdi.

Fraksiya yigʻilishi muhokamalarida partiyaning mahalliy Kengashlardagi deputatlari, hududiy tashkilotlari faollari ham masofadan qatnashib, mutasaddi vazirliklarga elektorat manfaatlari himoyasi nuqtai-nazaridan oʻz savol va fikr-mulohazalarini bildirish imkoniyatiga boʻldi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Xalq demokratik partiyasining amaliy Harakat dasturiga asosan joriy yil oʻtgan oylarida xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan aholini ish bilan taʼminlashga oid 124 masala oʻrganilib, muhokama etilgan, bu borada hududlar miqyosida aniq vazifalarni belgilash boʻyicha 84 ta masala doimiy komissiyalar, 76 ta masala sessiyalar muhokamasiga olib chiqilgan.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bandlik va mehnat huquqlarini taʼminlash yoʻnalishlarida haqiqiy ahvolni doimiy oʻrganmoqda. Ushbu oʻrganishlar natijalari asosida yigʻilishda Davlat byudjetidan bandlikka koʻmaklashish maqsadida subsidiya sifatida ajratilgan mablagʻlarning samarali sarflanishi, kasb-hunarga oʻqitish ishlari joylarda sust tashkil etilayotgani, mehnat huquqlariga rioya etilishi boʻyicha davlat nazoratida xato-kamchiliklar kuzatilayotgani haqida tanqidiy fikr-mulohazalar bildirildi.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini toʻliq taʼminlash, butun respublika boʻylab ishlarni tizimli tashkil etish, bandlik yuzasidan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Aholi bandligini taʼminlash boʻyicha vazirlik tizimidagi barcha tuzilmalar faoliyatidan aholining xabardorligini oshirish, shu orqali ular faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish boʻyicha vazifalar belgilandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining tegishli axborotini eshitish masalasini Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining kelgusi yil ish rejasiga kiritish hamda boshqa yoʻnalishlar yuzasidan takliflar berildi.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari uy-joy va kommunal xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini arzon va sifatli uy-joy bilan taʼminlash, toza ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolarni hal etish, ayniqsa, bu yilgi sovuq qish mavsumida nihoyatda dolzarb ekanini taʼkidlashdi.

Fraksiya videoselektor yigʻilishida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolarning yechimlari olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot taqdim etish uchun Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosariga soʻz berildi.

Deputatlar joylardagi oʻrganishlar, aholi murojaatlari asosida aniqlangan muammoli holatlar boʻyicha oʻz savollari bilan murojaat etishdi.

Mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari joriy yil davomida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, kommunal xizmatlar sifatini oshirish masalalarini oʻrganib, 54 ta doimiy komissiya, 36 ta sessiyaga olib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishgan.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari asosida aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oxirgi ikki yilda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilashga 2 trillion 400 milliard soʻm ajratildi. Bu avvalgi 10 yilda ajratilgan jami mablagʻdan 2 baravar koʻp, demakdir. Shunga qaramasdan, mamlakatimizda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 68 foizni tashkil etmoqda.

Hukumatning 2020-2030-yillarga moʻljallangan Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish strategiyasi koʻra, 2030-yilda aholining ichimlik suvi taʼminoti darajasini 91 foizga, shaharlar va tuman markazlaridagi oqova suv tizimi taʼminoti darajasini 16 foizdan 31 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Yigʻilishda deputatlar 1993-yilda qabul qilingan “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunni bugungi kun talablariga muvofiq ravishda yangilash zarurati yuzaga kelgani haqida fikr bildirdi.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirliklari mutasaddilariga bugungi kunda aholini, partiya elektoratini oʻylantirib kelayotgan masalalar boʻyicha savol berishdi, takliflari bilan oʻrtoqlashishdi.

Ikkita vazirlikning respublikadagi barcha tuzilmalari faoliyati boʻyicha qatʼiy parlament va deputatlik nazoratini muntazam amalga oshirish, bandlik va ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan rejalar belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?