Xalqning dardini, murojaatlarini eshitib, yechim topish asosiy vazifamiz — Abduaziz Xudoyberdiyev

18:45 17 Noyabr 2023 Jamiyat
471 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida Urgut tumanidagi Xalq qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslardan 8349 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 6101 tasi yoki 78,9 foizi qanoatlantirilgan. 1357 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan va 615 tasi oʻrganishdagi murojaatlarni tashkil etmoqda.

— Xalqning dardini, murojaatlarini eshitish, ularga yechim topish asosiy vazifamiz, — deydi tuman Xalq qabulxonasi mudiri Abduaziz Xudoyberdiyev. — Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida aholi tomonidan qabulxonamizga asosan bolalar nafaqasi (654 ta), aliment undirish (475 ta), elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar (291 ta), suyultirilgan gaz bilan taʼminlash (259 ta), uy-joy (181 ta), mahalla ichki yoʻllarini taʼmirlash (176 ta), davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam (137 ta) bilan bogʻliq murojaatlar kelib tushdi.

Xalq qabulxonasiga tumanning Chagʻizmon, Quyi Torinjak, Choshtepa mahallalaridan eng koʻp yoʻl, elektr, suyultirilgan gaz va ichimlik suvi taʼminoti, aloqa (internet) tarmogʻi hamda ijtimoiy obyektlardagi muammolar yuzasidan murojaat kelib tushgan.

— Joriy yil mart oyida mahallamizdagi muammolar yuzasidan tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edik, — deydi Chagʻizmon mahallasi raisi Asqar Mahmudov. — Tuman va viloyat Xalq qabulxonalari hamda viloyat hokimligining amaliy yordami bilan iyul oyida mahallamiz aholisiga 50 dona maishiy gaz ballon berildi. 1 kilometr masofaga aloqa tarmogʻi hamda 1 kilometr toza ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. Mahallamizdagi ikkita koʻchada 6,4 kilometr masofada asfalt yotqizildi. Hozirgi kunda 1978-yilda qurilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida rekonstruksiya hamda ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari davom ettirilmoqda.

Quyi Torinjak mahallasida yashovchi M. Mahmudov Xalq qabulxonasiga hududdagi aholining elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash yuzasidan murojaat qilgan. Mazkur murojaat asosida mahalla hududiga qoʻshimcha 100 kilovattli yangi transformator punkti oʻrnatish uchun mahalliy byudjet hisobidan 60 million soʻm mablagʻ ajratish boʻyicha xalq deputatlari tuman Kengashining qarori qabul qilinib, yangi transformator hamda 8 ta elektr beton ustunlari oʻrnatilgan, 400 metr elektr tarmogʻi tortilgan. Natijada mahalladagi 50 ta xonadonning elektr taʼminoti yaxshilangan.

Choshtepa mahallasi tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, Choshtepa, Qumbelsoy va Polvon qishloqlaridan iborat. Mahallada 3272 nafar aholi istiqomat qiladi.

Mahalla raisi Umid Roʻziqulovning aytishicha, hududlarni obodonlashtirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish tadbirlari davomida mahalladagi qabriston obodonlashtirilgan, aholi xonadonlariga 150 tonna koʻmir va 80 ta suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilgan, 2 ta ijtimoiy soha obyektlarini isitish tizimlari tekshirilib, moʻrilari tozalangan. Shuningdek, tumandagi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan Bojxona qoʻmitasi, viloyat va tuman hokimliklari hamkorligida hamda tadbirkorlarning homiylik mablagʻlari hisobidan mahallada uzunligi 700 metr, kengligi 4 metr boʻlgan tuproq va qum-shagʻal yoʻllarga asfalt yotqizilgan.

Aytish joizki, ushbu mahallada oʻtgan yili “Obod qishloq” davlat dasturi asosida belgilangan reja asosida 1,885 kilometr asfalt yotqizish, 10,3 kilometr toza ichimlik suvi tarmogʻi tortish, 3 ta yangi artezian qudugʻi qazish, 2 kilometr piyodalar yoʻlagi tashkil etish, 55 ta simyogʻochlarni almashtirish, 50 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatish, 1 kilometr aloqa tarmogʻi tortish hamda aholiga 53 dona maishiy gaz ballon bilan taʼminlash ishlari toʻliq bajarilgan.

Sektor rahbarlarining joylarda oʻtkazayotgan sayyor qabullarida ham aholini qiynayotgan masalalarga yechim topilmoqda. Jumladan, 3-sektor rahbarining shu yil 12-may kuni Toʻrtkoʻl mahallasida oʻtkazgan sayyor qabulida Gʻijduvon mahallasida yashovchi Muhammadi Rahmonov mahallaning asosiy ichki yoʻlini shagʻallashtirishda amaliy yordam soʻragan. Bu masala boʻyicha tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy ish olib borilib, 1 kilometr ichki koʻchaga shagʻal yotqizilgan.

Toʻrtinchi sektor rahbari ham Bogʻishamol mahallasidagi sayyor qabulda qilingan murojaat asosida Katta Torinjak mahallasidagi yaroqsiz holga kelgan aloqa tarmogʻi beton ustunlarini almashtirishga yordam bergan va 150 metr aloqa tarmogʻi tortilgan.

Tumandagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilganlar orasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida subsidiya asosida asbob-uskuna yoki imtiyozli kredit soʻragan ishsiz fuqarolar ham bor. Hozirda ular tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, mahalladoshlarini ham ish bilan band qilgan. Ana shunday fuqarolardan biri Beshkapa mahallasida yashovchi “Zarina sifat textil” MCHJ rahbari Zarina Rasulovadir.

— Ikki yil oldin “Ayollar daftari”ga kiritilgan edim, — deydi Z.Rasulova. — Tadbirkorlik faoliyatimni boshlash va imtiyozli kredit olish maqsadida tumandagi Xalq qabulxonasiga murojaat qildim. Shundan keyin 15 million soʻm imtiyozli kredit berildi. Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan binoda tikuvchilik sexi tashkil qildim va besh nafar xotin-qiz bilan faoliyatimni boshladim.

Sexda milliy choponning yarim tayyor mahsulotini bitirib, dastlab savdogarlarga sotgan boʻlsak, ishlarimiz rivojlanib, keyinchalik oʻzimiz bozorga sotdik va zavodlarga yetkazib berishni yoʻlga qoʻydik. Ayni paytda Urgut, Oqdaryo va Nurobodda 600 nafardan ziyod xotin-qizlar kasanachilik bilan shugʻullanmoqda. Yaqinda Nurobod tumanining olis qishloqlaridan biri — Jomda ham sex tashkil qildik, tumandagi 3-maktabda, Ulus va Doʻstlik mahallalarida ham xotin-qizlarning kasanachilik bilan shugʻullanishi uchun sharoitlar yaratildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?