Xalqni rozi qilish uchun quyi boʻgʻin rahbarlari masʼuliyatni chuqurroq his qilishi lozim

00:18 10 Aprel 2021 Jamiyat
719 0

Rostini aytish kerak, quyi boʻgʻin rahbarlari ishni yaxshi tashkil qila olmayapti. Toʻgʻri, quyi boʻgʻinga ishni koʻzini biladigan, bilimli va salohiyatli kadrlar qoʻyilgan. Ammo, tan olish kerak, ishni ketmasligiga asosiy sabab — baʼzi viloyatlarda rahbarlarning oʻzini qiynash, fidoyilik va tashabbuskorlik sezilmayotganligi bilan bogʻliqdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu haqda aytib oʻtildi. Baʼzi rahbarlar tanqid ostiga olindi.

Xoʻsh, qanday qilsak, quyi boʻgʻinda muvaffaqiyatlarga erishamiz? Prezidentimiz oʻtkazgan videoselektorda chekka hududlarda joylashgan yer uchastkalarining boshlangʻich narxini chegirma bilan sotuvga qoʻyish vakolatini mahalliy kengashlarga berishni taklif etishi bu borada byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishda muhim rol oʻynaydi. Bundan tashqari, unumdorligi past boʻlgan va foydalanilmayotgan qishloq xoʻjaligi yerlarida ham kichik sanoat zonalari tashkil etish mumkinligi ham aytib oʻtildi. Shu maʼnoda tan olish kerakki, biznes barqarorligi uchun infratuzilma suv va havodek zarur. Lekin joylarda bu borada kamchiliklar borligi tadbirkorlik rivojiga toʻsiq boʻlmoqda.

Prezidentimiz videoselektor yigʻilishida sanoat zonalarini infratuzilma bilan taʼminlashga joriy yilda 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilayotganini, buning evaziga yil yakuniga qadar 168 ta sanoat zonasi 468 kilometr elektr energiyasi, 362 kilometr gaz, 405 kilometr suv va 104 kilometr yoʻl bilan taʼminlanishini aytib oʻtdi.

Yana bir muhim masala shundan iboratki, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida uch yil davomida soliqlarni oʻz vaqtida toʻlagan intizomli tadbirkorlarga soliqlarning 50 foizini boʻlib-boʻlib toʻlash huquqini berish tartibi ishlab chiqilishi belgilandi. Shuningdek, eksportning valyutasi chet eldan oʻz vaqtida kelib tushmagani uchun jarima miqdorini 2 baravarga qisqartirish, majburiy ijro orqali undiriladigan qarzdorlikni byudjet va tadbirkorlar foydasiga teng taqsimlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Haqiqatda, tadbirkorlik rivoji bandlik masalasi bilan chambarchas bogʻliq. Joriy yilda bandlik dasturi asosida 457 mingta doimiy yangi ish oʻrni tashkil etish maqsad qilingan. Xususan, kichik va oʻrta biznes korxonalari hamda yangi yakka tadbirkorlar faoliyatini tashkil etish hisobiga 210 mingta, tarmoq va hududiy investitsiya loyihalari hisobiga 248 mingta yangi ish oʻrni ochish moʻljallangan. Bundan tashqari, 40 ming nafar ishsizlarga oʻzini oʻzi band etishi uchun 92 milliard soʻm subsidiya ajratilishi belgilangan. Yigʻilishda bu masalaning dolzarbligiga yana bir bor ahamiyat qaratilib, mutasaddilarga qator topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishining ahamiyatli jihati shundaki, yurt taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlar faqat rahbar yoki mutasaddi idoralarga tegishli vazifa emas. Shu yurt, shu zamin fuqarosiman degan har bir kishi elu yurt taraqqiyoti uchun oʻzini masʼul deb hisoblashi lozim. Davlatimiz rahbari kuyunchakligi va fidoyiligini quyi boʻgʻin rahbarlari va xalqimiz qoʻllab-quvvatlashi lozim. Zero, hamjihatlikda amalga oshirilgan ishda baraka boʻladi.

Mavluda IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?