Xalqimizning rizq-nasibasi ulugʻ boʻladi

22:04 20 May 2022 Jamiyat
362 0

Foto: Халқ сўзи

Ota-bobolarimiz duoga qoʻl ochganda, hamisha omborlarimiz donga toʻlishini niyat qilishi bejiz emas. Boisi xirmoni, omborlari donga toʻla xalqning buguni farovon, ertangi kundan koʻngli xotirjam boʻladi.

Shu yilning 11-may kuni Prezidentimiz raisligida gʻallachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbari barcha zarur tashkiliy ishlar hal qilingan holda 1-iyundan boshlab gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtilishini maʼlum qildi.

Bu juda ham quvonarli yangilik. Chunki keyingi yillarda bugʻdoyning davlat xarid narxi arzon, yetishtirish xarajatlariga unchalik toʻgʻri kelmas edi. Mineral oʻgʻit, texnika xarajatlari qimmat, ustiga-ustak fermer yetishtirilgan hosilni bozor narxidan arzon sotish orqali koʻzlangan daromadga ega boʻla olmay qiynalardi. Nihoyat, fermerning yelkasiga oftob tegdi – u bundan buyon oʻz mehnati samarasidan bahramand boʻladi.

Prezidentimiz rahbarligida 17-may kuni oʻtkazilgan tovar-xom ashyo birjasida savdolarni koʻpaytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish boʻyicha yigʻilishda yana bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

Yangi tizimga koʻra, tuman hokimi gʻalla yetishtiruvchi fermer va klasterlar kesimida bugʻdoyni birjaga olib chiqish oyma-oy rejasini ishlab chiqadi. Tuman hokimi va Savdo-sanoat palatasining tuman boʻlimi ushbu fermer va klasterlarni birjada roʻyxatdan oʻtkazishni tashkillashtiradi. Tadbirkorga qulay boʻlishi uchun Savdo-sanoat palatasi tuman boʻlimida birja savdo maydonchasi tashkil etiladi. Savdo maydonchasida tadbirkor, fermer va klasterlarga birja hujjatlarini rasmiylashtirishga koʻmaklashiladi. Birja savdolarida ishtirok etishga oʻqitish ishlari tashkil etilib, tadbirkor, fermerlar uchun sodda va loʻnda uslub ishlab chiqiladi.

Ayni paytda klasterimiz tomonidan 151 ta fermer xoʻjaligi bilan hamkorlikda yetishtirilgan gʻallani yigʻib olish uchun 13 ta yuqori unumli kombaynlar mavsumga toʻliq shay holatga keltirib qoʻyildi. Keyingi yillarda ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalar keng joriy etilib, fermerlarimiz gʻallaning har gektaridan 80, 100 sentnerdan hosil olishmoqda. Xorijdan serhosil gʻalla navlari olib kelish va mahalliylashtirish orqali bu yil 2 ming gektar yerda, yaqin yillarda toʻliq navlarni yangilashni maqsad qilganmiz. Buning uchun yurtimizdagi nufuzli ilmiy-amaliy markazlar bilan faol hamkorlikda ishlayapmiz. Natijada hosildorlik sifati va salmogʻi yanada oshishiga erishiladi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda Fargʻona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chogʻida Oltiariq tumanida qishloq xoʻjaligi xodimlari, klasterlar rahbarlari bilan suhbatlashdi. Oʻsha uchrashuvda men yillik quvvati 20 ming tonna boʻlgan un zavodini ikki oyda ishga tushirishga vaʼda berdim.

Hozirgi kunda qurilish-pardozlash ishlarini jadal davom etyapti.Yaqinda Turkiyaga borib, eng soʻnggi rusumdagi texnologiyalarni olib kelib oʻrnatish boʻyicha shartnoma imzoladik. Un zavodi ishga tushsa, rishtonlik 40 nafar yoshlar doimiy ish oʻrniga boʻladi.

Mehnating qadr topsa, imkoniyat va imtiyozlar tufayli faoliyating tobora rivojlanib boraversa, inson yangi-yangi gʻoyalar bilan yashayveradi. Xuddi shunday, biz ham xalqimiz rizq-nasibasi yanada ulugʻ boʻlishi uchun astoydil harakatda davom etamiz.

Isomiddin OʻRINBOYEV,

Fargʻona viloyati Rishton tumanidagi

“Qahramon” gʻallachilik klasteri rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?