Xalqimizni suv balosidan asrasin!

18:54 19 May 2022 Jamiyat
466 0

Foto: Халқ сўзи

Kutilmagan tabiiy ofatlar sodir boʻlganida

oilamiz va hayotimiz nechogʻli himoyalangan?

Joriy yilning 4-may kuni qattiq jala quyishi natijasida Qamchiq dovoni orqali oʻtuvchi avtomashinalar, temir yoʻl qatnovini maʼlum muddatga toʻxtatib turishga toʻgʻri keldi. Kutilmagan tabiiy ofatning iqtisodiy zarari oʻz yoʻliga, eng avvalo, uning insonlar hayoti uchun yetkazadigan ziyoni behad xatarlidir.

Taʼkidlash oʻrinliki, yurtimizda shu singari favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi faoliyat koʻrsatadi, viloyat, shahar-tumanlarda hokimlar fuqaro muhofazasi xizmatlari rahbari sifatida biriktirilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy tuzilmalari toshqin suvlari, sel, qor koʻchishlari, koʻchki hodisalari bilan bogʻliq muammolar va ularning oldini olish bilan shugʻullanadi. Bir soʻz bilan aytganda, sel va suv toshqinlari xavfini bartaraf etish, daryo va soylarda suv oqimlarini xavfsiz, barqaror oʻtkazib yuborish yuzasidan nazariy hamda amaliy tadbirlarni oʻtkazish, tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bunday vaziyatda tezkor harakat qilish boʻyicha tushuntirish-targʻibot ishlari doimiylik kasb etgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Qamchiq” dovoni maxsus qidiruv, yongʻin-qutqaruv boshqarmasi maʼlumotlariga qaraganda, birgina joriy yilning mart oyida ushbu avtomobil yoʻlining 4 ta hududida qor, 6 ta hududda tosh, 5 ta hududda tosh-tuproq koʻchkisi hamda 4 ta hududda koʻchki yorigʻi kuzatildi. Mazkur hududlarda muhandislik himoya va kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

“Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yoʻlining bitta hududida tosh, ikkita hududda tosh-tuproq koʻchkisi hamda Ohangaronsoy daryosi qirgʻoqlarining yuvilish holati sodir boʻldi. Oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli shu va boshqa koʻngilsiz holatlar tezkorlik bilan bartaraf etildi. Dovon hududidan oʻtgan avtomobil va temir yoʻlidagi geologik, gidrometeorologik xavfli uchastkalar, muhandislik infratuzilmalarida belgilangan ishlarning bajarilishi ishchi guruhi tomonidan oʻrganildi.

Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida yongʻin-qutqaruv, maxsus qidiruv otryadlari ishtirokida maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi. Bu kabi amaliy tayyorgarlik ishlari favqulodda holatlarda yoʻlovchilar hamda transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

May oyining birinchi oʻn kunligida yoqqan tinimsiz yomgʻir, jalalar Fargʻona viloyatining anklav hududi – Soʻx tumanida ham kutilmagan muammolarni keltirib chiqardi. Aholining yashash uylari suvga toʻldi, avtomashinalar suvda oqdi, xullas, ularning mol-mulkiga katta zarar yetdi. Baʼzi qishloqlarga oluv boruvchi yoʻllar toʻsilib qolib, falokat oqibatlarini bartaraf etish yanada qiyinlashdi.

Ayniqsa, togʻoldi hududida joylashgan Malbut qishlogʻi aholisi seldan eng koʻp talofat koʻrdi. Qishloq ahlining maʼlum qilishicha, uylar suvga toʻlib, ular tunni togʻda oʻtkazishga majbur boʻlgan.

— Yana sel kelishidan qoʻrqdik, — deydi ular.

Yaxshiki, aholi oʻrtasida qurbonlar yoʻq. Ammo oʻrganishlar jarayonida ayrim xonadon egalarining chorva mollari, fuqaro Joʻraali Abduvaliyevning yangi olgan “Matiz” rusumli avtomashinasi selda oqib ketgani aniqlandi.

Sel oqibatida talofat koʻrgan hududlarni tozalash maqsadida barcha texnika va kuchlar safarbar etildi. Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan masʼullar tomonidan favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish choralari koʻrildi. Tumanda maxsus shtab tashkil etildi.

Soʻx tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Joʻrayevning “Xalq soʻzi” muxbiriga xabar berishicha, kuchli yomgʻir va jala yogʻishi oqibatida tumanning Malbut, Oftobru, Tul, Sohibkor, Sharqobod, Devayron mahallalarida suv toshqini, sel kelishi kuzatilgan.

— Suv toshqini va seldan zarar koʻrgan barcha mahallalarda oʻrganish ishlari olib borilib, muammo bartaraf etilyapti, — deydi Soʻx tumani hokimi Saidbahrom Saidmusayev. — Ayniqsa, Malbut mahallasida barcha idora va tashkilotlar xodimlari sel oqibatlarini tugatish ishlarida faol qatnashmoqda. Sel keltirgan moddiy zarar mutaxassislar tomonidan oʻrganilyapti.

Afsuski, suv oqimi baʼzi fuqarolar xonadonlariga sezilarli darajada zarar yetkazgan. Suv devorlarni buzib yuborib, hatto yertoʻlagacha ham kirgan. Xonadonlar, koʻchalarni loyqa va shagʻal uyumlaridan tozalash ishlari ham davom etmoqda. Sel oqimi mahalladagi 6-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining old va orqa qismiga ham sezilarli darajada zarar yetkazgan.

Mahalliy aholining aytishicha, Malbut mahallasida qurilgan sel yoʻlining bir qismi taʼmirga muhtoj darajaga kelib qolgan. Chunki har mavsum kuzatiladigan davomli suv toshqinlari sel yoʻlini shagʻal bilan toʻldirib tashlagan. Shu bois zudlik bilan sel yoʻlini kengaytirish va uning ustidagi koʻpriklarni zamonaviy tarzda qaytadan mustahkam qurish zarur.

Soʻx tumani hokimi oʻrinbosari Sodiqjon Murzoyevning aytishicha, suv toshqini markaz - Devayron yoʻnalishidagi yoʻlning bir qismiga ham zarar yetkazgan. Barcha kuch va vositalarni safarbar etish orqali mazkur yoʻnalishdagi nosozliklar bartaraf etilmoqda.

Tul mahallasida esa suv toshqini oqibatida baʼzi bir xonadonlarning yertoʻlalari suv bilan toʻlib ketgan. Tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari tomonidan aholi xonadonlari yertoʻlalarini suvdan tozalash ishlari olib borildi.

«Oʻzsuvtaʼminot» MCHJ Soʻx tumani boʻlimi xodimlari tomonidan Malbut mahallasiga maxsus texnika orqali vaqtincha toza ichimlik suvi yetkazib berish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Mahalladagi sel zarar yetkazgan 50 tadan koʻproq xonadonda maxsus xizmatlar ish olib boryapti, umumxalq hasharlari uyushtirilyapti.

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Malbutda seldan talafot koʻrgan oilalarga un, oʻsimlik yogʻi, shakar, guruch singari zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Mutaxassislar maʼlumotlarga qaraganda, may oyining soʻnggi oʻn kunligida mamlakatimizda yana noqulay ob-havo kuzatilishi hamda buning natijasida tabiiy ofatlar kuzatilishi mumkin. Bunday xabarlarda Fargʻona viloyatining Soʻx, Fargʻona va Beshariq tumanlarida suv toshqinlari kuzatilishi mumkinligi qayd etilgan.

Demak, bu kabi koʻngilsiz holatlarga tayyor turish, doimo hushyor va ogoh boʻlish, mahalliy hokimliklar, daxldor idora va tashkilotlar vaziyatga yanada masʼuliyat bilan yondashishi hayotiy zaruratdir.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?