Xalqimiz ishonchini mustahkamlayotgan ezgu islohotlar

16:32 03 Dekabr 2021 Jamiyat
259 0

Mamlakatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq prokuratura tizimini tubdan qayta isloh qilish boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surgandi. Chunki sohani bir qator illatlardan tozalamay turib, ijobiy natijalarga erishish qiyin edi.

Olib borilgan izchil saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq soha xalq manfaatlarini himoya qiladigan, ularning muammolariga yechim topishga koʻmaklashadigan rahbar hamda mutaxassislar bilan toʻldirildi. Umuman, islohotlar bois prokuratura tizimi tubdan takomillashtirilib, ijobiy tomonga oʻzgardi.

Keyingi yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yoʻnaltirilgan dasturlarda belgilangan vazifalarni bajarishda ishni sektorlar kesimida olib borish, mahallabay, xonadonbay uslublardan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu tabiiyki, oʻz samarasini bermoqda. Sohaga tatbiq etilayotgan qator yangi tizim va yondashuvlar hududlarda toʻplanib qolgan koʻplab muammolar yechimida muhim oʻrin tutyapti.

Jumladan, viloyat 2-sektori hududidagi aholi talab va istaklarini aniqlash, mavjud muammolarga yechim topishda “Mahalla raisi — islohotchi” tamoyili keng joriy etildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosida ham sohamiz xodimlarining faoliyati izchil yoʻlga qoʻyilgan.

Misollarga murojaat etadigan boʻlsak, bugungacha 2-sektor ishchi guruhining amaliy harakatlari natijasida 84 ta umumtaʼlim maktabi, maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun binolar hamda 11 ta ehtiyojmand oila uchun uy-joylar qurib berildi. Shuningdek, izchil oʻrganishlar natijasida fuqarolarni qabul qilish, ular dardini tinglash, shikoyat va arizalari bilan ishlash uchun hech qanday sharoiti, hattoki, oʻz maʼmuriy binosiga ega boʻlmagan 56 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga tegishli yer maydoni ajratilib, zamonaviy uslubdagi binolar qurib berildi. Ikki yuzga yaqin mahalla fuqarolar yigʻini binosi esa joriy taʼmirlandi, 602 tasiga zaruriy jihozlar yetkazib berilib, hududi obodonlashtirildi.

Yangicha yondashuv. Tadbirkorlarga keng yoʻl

Senat va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Qonun va qonunosti hujjatlarida, Prezidentimiz ilgari surgan bacha taklif va gʻoyalarda fuqarolar manfaatini qonuniy himoya qilish, INSON shaʼni, qadr-qimmatini doimo baland koʻtarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz aholisi, jumladan, viloyatimiz saylovchilari ham boʻlib oʻtgan siyosiy jarayonda, xalqni ana shunday insonparvar jamiyat — yangi Oʻzbekiston sari dadil yetaklovchi munosib nomzod uchun yuqori natija bilan ovoz berdi.

Bunday yakdillik bejizga emas albatta. Aholi turmush madaniyati yildan-yilga ildamlamoqda. Mahalla va qishloqlar chiroy ochib, zamonaviy uy-joylar, yangi-yangi maktab va bogʻchalar, oliy taʼlim dargohlari, ijtimoiy muassasalar qad rostlayapti. Xonadonlar tabiiy gaz, elektr quvvati, toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda. Kishilar tadbirkorlik va kichik biznes bilan shugʻullanishiga keng imkoniyatlar yaratilyapti. Birgina soʻnggi besh yilda mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yoʻnalishi boʻlgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, Farmon va qarorlar qabul qilindi. Ular ijrosini taʼminlashda viloyatimizda ham faoliyat turlarini litsenziyalashtirish, ruxsatnomalar olish tartibini soddalashtirish yoʻl-yoʻriqlari ishlab chiqildi. Ortiqcha tekshiruvlar, naqd pul, valyuta va xom ashyo boʻyicha bir qator cheklovlarga barham berildi.

Joriy yilning 20-avgust kuni Prezidentimizning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ilk bor oʻtkazgan ochiq muloqotida oʻn ming nafarga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ushbu yigʻilishdagi nutqida bu jarayonga toʻsiq boʻlayotgan holatlarni bartaraf qilish yuzasidan 7 ta muhim yoʻnalish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi. Bular biznesni moliyalashtirish, soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, yer ajratish, infratuzilma, eksportyor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, transport logistikasi va sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirishdan iborat.

Bu ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari kengligi bilan alohida ajralib turuvchi Toshkent viloyatida 2-sektor xodimlari zimmasiga ham tegishli masʼuliyat yuklaydi. Shu bois sektor hududida faoliyat yuritayotgan yirik ishlab chiqarish korxonalari, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi eksportyorlar, yengil sanoat va toʻqimachilik yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan klasterlar, tadbirkor va ishbilarmonlarning qonuniy huquqi, talab va istaklari, tashabbuslari doimiy prokuror nazoratida. Natijada prokurorlar tomonidan tadbirkorlarning huquqiy himoyasi toʻliq taʼminlanib, ular faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan omillar bartaraf etilyapti.

Viloyat prokuraturasi tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan doimiy muloqot yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, haftaning har jumasi tadbirkorlar bilan uchrashuv kuni qilib belgilangan. Bugungacha, tadbirkorlar bilan 220 dan oshiq uchrashuvlar oʻtkazilib, 2564 nafar yuridik shaxs vakillari qabul qilindi. Bevosita ishbilarmonlar huquqlariga doir qonunlar yuzasidan 459 ta masala hal etildi.

Shuningdek, sudlarga tadbirkorlar manfaatini himoya qiluvchi 1 340 mln. soʻmlik 12 ta daʼvo arizasi kiritilib, qanoatlantirildi. Birgina Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Shahnoza-baraka 2191” MCHJni tashkil qilish jarayonidagi sansalorliklarga barham berilishi oqibatida, 45 ta tikuv mashinalari olib kelinib, 150 ta ish oʻrni yaratildi.

Viloyat hududlarida xorijiy investorlar faoliyatini kengaytirish, ular ishtirokidagi korxonalar huquqini himoya qilish, erkin iqtisodiy zonalar hamda kichik sanoat zonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish borasida ham qonun ustuvorligi taʼminlanmoqda. Xususan,“Angren” erkin iqtisodiy zonasi, Yangiyoʻl tumanidagi “Shoʻralisoy” kichik sanoat zonasi hamda Bekobod shahridagi xorijiy korxonalar faoliyatini rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni hal etishdagi amaliy natijalar bunga misol boʻla oladi. Shu bilan birga, prokurorlar tomonidan 484 nafar tadbirkorlik subyektining muammo va takliflari koʻrib chiqilib, hal etildi. Ularning 74 nafariga 46,4 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻi olib berildi hamda 11 nafar tashabbuskorga ishlab chiqarish faoliyatini takomillashtirishi uchun 160 gektar yer maydoni ajratildi.

Hududlarda boʻsh yotgan binolar va tashlandiq maydonlardan samarali foydalanish tizimini nazorat qilish ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bunday harakatlar natijasida Bekobod tumanidagi “Qoraqoʻyli” MFYda boʻsh yotgan binoni “Press va Shtamp forma mahsulotlari” MCHJ korxonasi besh yillik lizing shartnomasi asosida oʻz tasarrufiga olib, tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Natijada oʻnlab ayollar ish bilan taʼminlandi.

Qolaversa, 215 nafar tadbirkorning asossiz toʻxtatib qoʻyilgan faoliyati qayta tiklanib, 544 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bundan tashqari, 247 ta holatda ishbilarmonlar faoliyatiga turli noqonuniy aralashuv va byurokratik toʻsiqlar yaratish kabi salbiy holatlar aniqlanib, mansabdor shaxslarning intizomiy va maʼmuriy javobgarlik masalasi koʻrib chiqildi.

Umuman, tadbirkorlar manfaatini himoya qilish jarayoni bir on boʻlsada toʻxtagani yoʻq. Aniqlangan barcha noqonuniy holatlar tezda bartaraf etilmoqda. Pandemiya davrida tadbirkorlik subyektlariga imtiyoz va preferensiyalarning qoʻllanilishi yuzasidan oʻtkazilgan tekshirishlar davomida 212 ta tadbirkorlik subyektining huquqlari tiklandi, ularning hisob raqamiga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalari chaqirib olindi hamda 157 ta tadbirkorlik subyektidan ortiqcha undirilgan 251 million soʻmlik soliq toʻlovlarining qaytarilishiga erishildi.

Tadbirkorlarning huquqiy himoyasini taʼminlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan omillarni bartaraf etish barobarida, Investitsiya dasturiga asosan rejalashtirilgan 1 trillion 240 milliard soʻmlik 142 ta ijtimoiy soha va boshqa obyektlar qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va kapital taʼmirlanishi jarayonlari ham prokuror nazoratiga olindi.

Bu jarayonda salbiy holatlarga barham berish uchun oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida qoʻpol qonunbuzilishlar aniqlanib, 92 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va byudjetga yetkazilgan 24,2 milliard soʻm zarar undirildi.

Har bir oila, har bir odam manfaati eʼtiborda

Kambagʻallikni bosqichma-bosqich bartaraf etishda “temir daftar”, “ayollar daftari”ga kiritilganlar muammosiga tezda yechim topishga asosiy eʼtibor qaratilayotir. Xususan, minglab ehtiyojmand oilalarning mehnatga layoqatli aʼzolari tegishli kasblar boʻyicha ishga joylashtirildi. Homiylar yordamida ularga oziq-ovqat mahsulotlari, pul mablagʻi hamda ehtiyojmand, serfarzand va qaramogʻida nogironligi bor farzandi boʻlgan oilalarga chorva mollari, zaruriy dori-darmon vositalari va boshqa yordamlar koʻrsatildi. Viloyat miqyosida jami 118 ta ehtiyojmand oilaning 35 million soʻmdan ziyod kommunal qarzdorliklari qoplab berildi.

Shuningdek, “ayollar daftari”ga kiritilganlarning 2-sektorga qilgan murojaatida qayd etilgan mavjud muammolari hal qilinib, ularga tibbiy, huquqiy, psixologik yordamlar koʻrsatildi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlashda ham xuddi shunday ijobiy natijalarni sanab oʻtishimiz mumkin. Masalan, “Prokuror va yoshlar” uchrashuvlarida minglab yigit-qizlar bilan bevosita muloqot oʻtkazilib, muammolari hal qilindi. Xususan, 3 mingdan ortiq yoshlar ishga joylashtirildi. 195 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun bankdan imtiyozli kredit olib berildi yoki 43 nafari haydovchilik guvohnomasiga ega boʻldi.

Xalqimizning “Qoʻl bilan berganga qush toʻymas”, “Hunarli hech qachon xor boʻlmas” degan naqlini yodda tutgan holda yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlarda ularning “Ustoz — shogird” anʼanasi asosida kasb-hunar egallashiga jiddiy eʼtibor berilayotir. Boʻlib oʻtayotgan muloqotlarda yoshlarga boqimandalik kayfiyatidan butunlay xoli boʻlish, kasb-hunar egallashi, elning koriga yaraydigan tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand boʻlib tarbiyalanishi eng toʻgʻri yoʻl ekanligi tushuntirib borilmoqda.

Joylardagi bunday maʼnaviy targʻibotlar, albatta, oʻz samarasini berayotir. Tashabbuskor yoshlarning barcha taklif va mulohazalari 2-sektor ishchi guruhlari tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda. Zarur hollarda ularga ijara xarajati, mehnat qurollari xaridi uchun subsidiya ajratilmoqda.

Ayni chogʻda, 2 ming 685 nafar yigit-qizga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishi uchun yer maydonlari qonuniy hujjatlashtirib berildi. Yuz nafarga yaqin bilimga chanqoq, intiluvchan talabalarning oliy taʼlim muassasalarida tahsilni davom ettirishi uchun toʻlov-shartnoma mablagʻlari hal etildi.

Hayotbaxsh loyihalar muammolarga chek qoʻyadi

2-sektor xodimlari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlashda ham faol ishtirok etayotir. Xususan, dasturlar doirasida ish olib borgan ishchi guruhlarimiz jami 217 ta loyiha boʻyicha 1 ming 361 km. masofaga ichimlik suvi tarmogʻi yotqizilishiga bosh-qosh boʻldi. Natijada 355 ming aholi xonadonlariga ilk bor zilol suv kirib keldi.

Birgina 2021-yildagi muayyan loyihalarga asosan, 351,5 km. masofaga ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortish rejalashtirilgan. Bugungacha “Toshkent suv taʼminoti” MCHJ tomonidan yangi tarmoqlarning foydalanishga topshirilishi natijasida 660 nafar aholi xonadoni markazlashgan ichimlik suvi taʼminotiga ulandi.

Fuqarolarning bevosita 2-sektorga qilgan murojaatlari yuzasidan ishchi guruh xulosalariga koʻra, Boʻstonliq, Boʻka, Yangiyoʻl, Ohangaron, Bekobod, Oʻrta Chirchiq, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlari hamda Angren va Chirchiq shaharlarida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashda energiya va resurstejamkor uskunalardan foydalanish loyihalari joriy etildi. Natijada 20 — 25 foiz elektr energiyasi tejalishiga erishildi.

2-sektor hududlarida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlash kun sayin jadallashmoqda. Bu jarayonga xalqaro moliya institutlari mablagʻlari jalb etilib, yangi-yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotir.

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent va Zangiota tumanlari aholisining ichimlik suv tizimini modernizatsiya qilish” (“Faza-1”) loyihasiga koʻra, 2017 — 2021-yillarda Qibray tumani “Qodiriya” suv inshootidan Zangiota tumani “VU-3” suv inshootigacha 386,0 km. masofaga tortiladigan yangi tarmoq orqali 18 ta suv taqsimlash inshootini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda bu borada dastlabki amaliy natijalarga erishildi yoki 265 mingdan ziyod aholi xonadonlariga ichimlik suvi kirib boradigan boʻldi.

2019 — 2023-yillarga moʻljallangan “Faza-2” hamda 2020 — 2025-yillarga moʻljallangan “Faza-3” loyihalari asosida Zangiota, Yangiyoʻl, Chinoz tumanlari, shuningdek, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Ohangaron, Yangiyoʻl shaharlarida ichimlik va oqova suv tizimini modernizatsiya qilish, yangi oqova suv tarmoqlari qurish koʻzda tutilgan. Ushbu hayotbaxsh loyihalar tufayli, 523 mingdan ortiq aholi markazlashgan ichimlik suvi, 620 ming aholi xonadonlari esa oqova suv tizimidan bahramand boʻladi.

Ayni kunlarda Toshkent, Qibray, Boʻstonliq, Boʻka va Piskent tumanlaridagi 2-sektor hududlaridagi 13 ming 953 nafar aholi xonadonlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun quduqlar qazish ishlari amalga oshirilmoqda. Toshkent tumanining Gultepa, Keles va Istiqbol mahallalarida esa bu ish yakunlanib, 8 ming 747 nafar aholi toza ichimlik suvidan bahramand boʻlishiga erishildi. Bunday misollarni esa koʻplab keltirish mumkin.

Muxtasar aytganda, sohaga tatbiq etilayotgan qator yangi tizim va yondashuvlar tadbirkorlik subyektlari, aholi, ayniqsa, ayollar va yoshlarni qiynab kelayotgan dolzarb muammolarni, shuningdek, hududning rivojlanishiga toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni aniqlash va joyida hal etish, davlat va hududiy dasturlarning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlashda yuksak samaralar bermoqda. Pirovardida, bu el-yurt taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qilmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz ham aslida shu — odamlar roziligiga erishishdir.

Salom SAMADOV,

Toshkent viloyati prokurori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?