Xalqaro standartlar: tadbirkorlikni jahon andozalari darajasida rivojlantirish imkonini beradi

23:07 08 Sentyabr 2022 Jamiyat
613 0

Foto: Illustrativ surat

Fargʻona viloyatida joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 682 ta investitsiyaviy loyihalar oʻrganilib, sohaga taalluqli 443 ta korxona ajratib olindi. Har bir korxona bilan manzilli ishlash boʻyicha Fargʻona hududiy filialidan 27 nafar malakali xodim biriktirilib, texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Investitsiya loyihalari asosida tashkil etilayotgan 22 ta korxonada jamoasi bu borada yetarli maʼlumotga ega boʻlmaganligi sababli ushbu korxonalar kerakli standartlar bilan taʼminlandi.

Misol uchun, Fargʻona shahrida joylashgan “FEYXAN-TEKS“ MCHJ tomonidan ishlab chiqarish rejalashtirilgan kalava ip, Quva tumanidagi ”HILOL TEX SERVIS" MCHJda ishlab chiqarilayotgan tayyor tikuvchilik mahsulotlari uchun standartlar joriy etildi.

Tadbirkorlik subyektlarining tayyor mahsulotlarini eksport qilish imkoniyati va geografiyasini kengaytirish maqsadida 124 ta yirik eksportyor korxonalar bilan «korxonabay» ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu borada Turkiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlarning eksportga qoʻyilgan talablari yetkazilib, shunga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish uchun amaliy yordam koʻrsatildi.

2022-yil yanvar-iyun oylari mobaynida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida 585 ta korxonada profilaktika tadbirlari oʻtkazildi. Natijada standartlashtirish yoʻnalishi boʻyicha 8 ta, sertifikatsiya yoʻnalishida 16 ta korxonaning mahsulotlari sertifikatlanmagani va metrologiya yoʻnalishi boʻyicha 26 ta korxona faoliyati maxsus tekshiruvdan oʻtmaganligi aniqlandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun tushuntirish ishlari borilib borilib, bir necha turdagi mahalliy mahsulotlar xalqaro standartlar talablari asosida sertifikatlandi.

Shuningdek, metrologiya yoʻnalishi boʻyicha 82 ta korxonaga amaliy yordam koʻrsatildi va kamchiliklar bartaraf etildi. Oʻtkazilgan profilaktika tadbirlari davomida viloyatdagi bir qator tadbirkorlik subyektlariga xalqaro ISO va EKO standartlari joriy etilishi zaruriyati mavjudligi aniqlanib, bu borada Vazirlar Mahkamasi qarori asosida berilgan imtiyozlar haqida tushuntirish ishlari olib borildi.

Maʼlumki, joriy yilning 13-iyun kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mahsulotlar eksportida “GSP+” tizimidan unumli foydalanish vazifasi belgilangan edi. Shu asosda Fargʻona viloyatida eksportyor korxonalarda xalqaro standartlarga muvofiq menejment tizimlari joriy etilganligi va shunga ehtiyoji boʻlgan korxonalarning tarmoqlar kesimida tahlili oʻtkazildi.

Shu tariqa 131 ta eksportyor korxonalarning 47 tasi yirik eksportchilarni tashkil etishi va ularning 30 foizida xalqaro menejment tizimlari joriy etilganligi aniqlandi. Eksportyor korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulot tahlil qilinib, “GSP+” doirasida 103 ta korxonaga xalqaro standart talablariga muvofiq sifat menejment tizimlari hamda 22 ta kor-xonaga Yevropa mamlakatlarida qoʻllaniladigan standartlarni joriy etish boʻyicha hududlar va tarmoqlar kesimida tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, Fargʻona viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda tasdiqlandi.

Aytaylik, Fargʻona shahrida joylashgan “FERGANA GLOBAL TEXTILE” MCHJ bugungi kunda Uz TR 148-008:2016 texnik reglamenti boʻyicha kalava ip ishlab chiqarmoqda. Hozirda ushbu korxonada ISO 10290:2018 xalqaro standarti asosida mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishga kirishildi.

Eksport hajmlarining oʻsishiga asosiy drayver sohalar sifatida belgilab olingan tarmoklar hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi 11 ta korxonaga nufuzli xalqaro Oeko Tex, GOTS, BCSI, Sedex, SE markirovka va boshqa standartlarni joriy etish belgilab olindi.

Eksportyor korxonalarda xalqaro talablarga muvofiq mahsulotlar sifatini oshirishda malakali mutaxassislarga katta ehtiyoj bor. Shu bois hududlar va korxonalar kesimida mutaxassislar roʻyxati shakllantirilib, oʻquv reja jadvali tasdiqlandi. Unga koʻra joriy yil yakuniga qadar 219 nafar mahalliy mutaxassislar xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda oʻqitiladi.

Oʻz navbatida Fargʻona viloyatida loyiha ofislari huzurida yirik eksportyor, strategik investitsiya loyihalari boʻyicha ishga tushirilgan, mahalliylashtirish dasturi asosida faoliyat yuritayotgan korxonalar hamda tadbirkorlik subyektlarining vakillari uchun xalqaro standartlarni oʻrgatish boʻyicha markazlashtirilgan oʻquv kurslari tashkil etildi. Oʻquv kurslariga Turkiya, Rossiyadan xorijiy ekspertlar jalb qilindi.

Ayni kunlarda viloyatdagi 5 ta eksportchi korxona hujjatlari GLOBAL G.A.P va Oeko-tex xalqaro standarti boʻyicha sertifikatlashtirish maqsadida Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga kiritildi. “GSP+” tizimidan unumli foydalanish va mahsulotlarga Yevropa bozorlarida texnik jihatdan tartibga solish sohasida qoʻyilgan talablarni eksportyor korxonalarga yetkazish maqsadida 54 ta mahsulotlar turi tahlil qilinib, qoʻllanma tayyorlanib, viloyatdagi 103 ta eksportyor korxonalar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetkazib berilmoqda.

Suhbatjon NIYOZOV,

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish

agentligining davlat nazorati departamenti Fargʻona viloyati boʻlimi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?