Xalqaro konferensiya: Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqini himoya qilish ustuvor yoʻnalishlardan biri

18:51 20 Iyul 2022 Siyosat
937 0

“Jahon konstitutsiyalarida xotin-qizlar huquqi toʻgʻrisidagi qoidalarning aks etishi” mavzusida boʻlib oʻtgan davra suhbati xotin-qizlarning huquq va erkinligini himoya qilish, gender audit va gender tenglik masalalariga bagʻishlandi.

BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining yurtimizdagi loyihalari koordinatori vakillaridan iborat xalqaro ekspertlar ishtirok etgan yigʻilishda bugungi kunda Oʻzbekiston boshqaruv tizimida ayollar ulushi 33 foizga yetgani, 81 ta vazirlik va idorada bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirilgani maʼlum qilindi.

Taʼkidlandiki, tashkilot va korxona raxbarlarining oʻrtacha 45,3 foizi – ayollar. Xotin-qizlar sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritayotganlarning 82 foizini, fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat sohasida 72 foizni, qishloq xoʻjaligida 45 foizni hamda tadbirkorlik subyektlarining 29 foizini tashkil etadi.

Anjuman ishtirokchilari yurtimizda erishilgan marralarni eʼtirof etgan holda, sohaning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini yanada mustahkamlash hozirgi zamonning talabi ekanini qayd etdi. Xususan, xotin-qizlar va erkaklarning barcha iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlardan foydalanishda teng huquqliligini taʼminlash, tashkilot yoki korxona tomonidan jinslar oʻrtasidagi kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish masalasi muhokama qilindi.

Xotin-qizlarni har qanday zoʻravonlikdan himoya qilish, oila va mehnat vazifalari oʻrtasida muvozanatni saqlashda muammoli holatlar uchrab turgani aytib oʻtildi. Bunday hollarda qonuniy chora koʻrish, ayollar huquqini konstitutsiyaviy asosda belgilash zarurligi taʼkidlandi.

“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” degan tamoyil asosida birgina 2021-yilda 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam koʻrsatilgan. Boquvchisini yoʻqotgan ayollarning farzandlari uchun bogʻcha xarajatlarini byudjetdan qoplash tartibi joriy etilgan. Xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2 trillion soʻmdan ziyod kredit va subsidiyalar ajratilgan.

Aytishlaricha, biznes va qonun indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi. “Siyosatdagi ayollar” jahon reytingida 45-oʻrinni egalladi.

Muloqot chogʻida sohaga oid vazifalar va Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi “ijtimoiy davlat qurish”ga qaratilgan boshqa yangiliklar Yangi Oʻzbekiston gender tenglikni taʼminlash siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi bir ovozdan maʼqullandi.

Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari xorijiy davlatlar Konstitutsiyalarida gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar huquqi va manfaatini himoyalashga doir qoʻshimcha normalar mavjudligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Tadbir davomida mahalliy va xorijiy tashkilotlar vakillari Gretsiya, Avstraliya va boshqa qator davlatlarda xotin-qizlar ishtirokini taʼminlash, ularning jamiyatdagi rolini oshirishga qaratilayotgan islohotlar xususida taqdimotlar namoyish qildi.

Davra suhbati sohaga oid mavzularda, munozaralar shaklida davom etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?