Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti tuzilganiga 60 yil toʻldi

10:10 18 Noyabr 2020 Jamiyat
274 0

Shu kunlarda butun dunyoda Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumers International) tuzilganining 60 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan tashkilot tashabbusiga koʻra, bir qator onlayn tadbirlar uyushtirilmoqda.

17-noyabr – Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti tuzilgan kunda dunyoning 100 dan oshiq mamlakatidan 200 dan oshiq unga aʼzo isteʼmolchilar tashkiloti uchun alohida vebinar (virtual seminar) oʻtkazildi. Vebinarda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov ham ishtirok etdi.

Consumers International prezidenti Marimutu Nadason, vitse-prezidenti Gilli Vong va bosh direktori Helena Loran barcha isteʼmolchilarni ushbu 60 yillik yubiley bilan qutladi.

Vebinarda xalqaro tashkilot va umuman isteʼmolchilar harakati bosib oʻtgan mashaqqatli yoʻl hamda butun dunyodagi isteʼmolchilar huquq va manfaatlarini himoya qilishda erishilgan muvaffaqiyatlar barobarida kelajakka nazar tashlash, xususan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda isteʼmolchilar huquq va manfaatlarini himoya qilishni yana-da takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Maʼruzachilar 2020-yil butun dunyo uchun juda ogʻir kelganini, COVID-19 pandemiyasi sharoitida isteʼmolchilar tashkilotlari asosiy sheriklari va global yetakchilar bilan birga uning oqibatlarini bartaraf etish hamda xavfsiz, adolatli va barqaror dunyo barpo etish yoʻlida qoʻlni-qoʻlga berib mehnat qilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Bugungi global miqyosda elektron tijorat va onlayn xizmat koʻrsatish keskin oʻsib borayotgan sharoitda xalqaro standartlarni ishlab chiqib, bu sohadagi muammolarga qarshi kurashish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qayd etilishicha, shu kungacha dunyoning 40 foiz mamlakatlarida elektron tijoratni tartibga solish borasida qonunlar qabul qilinmagan – huquqiy baza yaratilmagan. Binobarin, xalqaro tashkilotlar, dunyo mamlakatlari hukumatlari va isteʼmolchilar tashkilotlari oldida isteʼmolchilar huquq va manfaatlarini vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish orqali himoya qilish yoʻlida juda koʻp vazifalar turibdi.

Muzokaralar chogʻida soʻzga chiqqan federatsiya raisi J. Sarimsoqov Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti rahbariyati va vebinarning boshqa ishtirokchilarini Consumers International tashkil etilganining 60 yilligi bilan qutlar ekan, ular eʼtiborini bugungi kunda isteʼmolchilar tashkilotlari oldida turgan yana bir dolzarb muammo – sayyohlarning huquqini himoya qilish masalasiga qaratdi.

− Dunyo boʻyicha sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib borayotgani isteʼmolchilar tashkilotlari oldiga ular huquqini himoya qilishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish va ularni birgalikda hayotga tatbiq qilish masalasini qoʻymoqda. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ushbu masalalarni muhokama qilish uchun Oʻzbekistonning 2021-yilda Urganch va Xiva shaharlarida turizm sohasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha “Sayyoh – 2021” xalqaro forumini oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Barchangizni ushbu forumga taklif qilaman, − dedi. J. Sarimsoqov.

J. Sarimsoqov fikricha, federatsiyaning ushbu tashabbusi Oʻzbekiston rahbariyatining turizm sohasini rivojlantirishni milliy iqtisodiyotning strategik yoʻnalishlaridan biri deb qarab, bu borada amalga oshirayotgan siyosatiga hamohangdir.

Vebinar chogʻida Consumers International bosh direktori Helena Loran “Sayyoh – 2021” xalqaro forumida qatnashish niyati borligini izhor qildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumers International) tuzilganining 60 yilligi munosabati bilan BMT agentliklari rahbarlari ishtirokida bir qancha videokonferensiya formatidagi uchrashuvlarni oʻtkazmoqda va Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi xodimlari ham ushbu tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.

Sherali Sattorov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?