Xalqaro grantlar shaffof va qoʻllab-quvvatlash orqali amalga oshiriladi — Adliya vazirligi

22:12 20 Avgust 2022 Jamiyat
589 0

Davlat organlarining NNTlar tomonidan xalqaro grantlarni amalga oshirishda hamkorlik qilishiga oid Hukumat qarori ijtimoiy tarmoqda ayrim muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Shu munosabat bilan, mazkur qaror yuzasidan Adliya vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Birinchidan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan, davlat NNTlarni qoʻllab-quvvatlash shakllari va shartlarini belgilaydi.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, NNTlarning alohida ijtimoiy foydali dasturlariga davlat koʻmak koʻrsatishi mumkin.

Hukumatning yuqorida qayd etilgan qarorining asosiy maqsadi esa, grantlarni amalga oshirishda NNTlarga yordam berish, ularni qoʻllab-quvvatlash, loyihalarning samaradorligini oshirish, shuningdek, ularning manzilli olib borilishiga hissa qoʻshishdir.

Hujjatning biror bir qoidasi NNTlarga xalqaro grantlarni olishda byurokratik toʻsiq yoki cheklov oʻrnatishga qaratilmagan, aksincha bu borda NNTlar koʻmak koʻrsatishning institutsional asoslarini mustahkamlash koʻzlangan.

Ikkinchidan, mazkur hujjat bilan oldin amalda boʻlgan qoidalar, yaʼni aynan grant loyihalari doirasida ishlarni birgalikda samarali tashkil etish uchun NNTlarga ortiqcha yuk emas, koʻmak nazarda tutilyapti.

Hozir ham NNTlar xalqaro grantlar olib, ularni davlat organlari bilan birgalikda va hamkorlikda hayotga tatbiq etib kelmoqda. Shu bilan birga, NNTlarning xalqaro grantlarini amalga oshirishda davlat organlarining faoliyatida yagona yondashuv boʻlmagan. Ayrim davlat organlarining NNTlar bilan ishlashi eʼtibordan chetda qolib kelgan. Endilikda esa, milliy hamkorni biriktirish orqali davlat organlariga NNTlarga yordam berish majburiyati yuklanmoqda.

Uchinchidan, NNTlarning grant olish jarayonlari bilan bogʻliq faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan tartib joriy qilinmadi.

Qonunchilikka muvofiq, NNTlar xalqaro NNTlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri xalqaro aloqalar oʻrnatishi, hamkorlik toʻgʻrisida tegishli bitimlar tuzishi mumkin.

Bunda, xorijiy hamkorlaridan pul mablagʻlari olishni adliya organlari bilan oldindan kelishib olish majburiyati amaldagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasida belgilab qoʻyilgan.

Ushbu qarorda xorijiy manbalardan olingan mablagʻlar doirasida grant loyihalari amalga oshirilish jarayonida, faqat va faqat davlat organlari zimmalariga qoʻshimcha vazifalar yuklatilmoqda, yoʻl xaritalari tuziladi va ijrosi birgalikda taʼminlanadi va monitoring qilinadi.

Qarorga asosan hamkor davlat organini tanlashda NNTlarning fikri, taklifi ustunlikka ega boʻladi.

Hujjatning 11-bandida milliy hamkor NNTga grant loyihasining sifatli, oʻz vaqtida amalga oshirilishida amaliy yordam berish uchun masʼul ekanligi, bunda milliy hamkorning NNT ichki ishlariga aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligi nazarda tutilgan.

Qayd etish lozimki, davlat organlari grant boʻyicha tegishli rejalarni ishlab chiqishda, NNTlarga zarur maʼlumotlarni vaqtida taqdim etishda, grant doirasidagi muammolarni zudlik bilan hal etishda NNTlarga yordam beradi.

Loyihalarning yanada samarador boʻlishi uchun, zarurat boʻlsa, tavsiya va takliflar berish bilan cheklanadi xolos.

Grantlar ijrosiga, amalga oshirish usuliga davlat organlarining hech qanday aloqasi yoʻq. NNTlar bu borada mustaqil, ularning grantlar boʻyicha pozitsiyasini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Jarayonlar huquqiy jihatdan mustahkamlandi, davlat organlarining NNTlarga amaliy koʻmak berish boʻyicha masʼuliyati oshirildi, ularning vazifalari aniq belgilab berildi.

Qolaversa, qarordan koʻzlangan maqsad – har bir grant haqiqiy samara berishiga erishish va grant doirasidagi hamda davlat organlarining tegishli sohadagi faoliyati hamohangligini taʼminlashga boʻlgan harakat Oʻzbekistonning aynan tashqi koʻmakka yanada koʻproq ochilayotganligidan dalolat beradi.

Qonunlarda belgilangan NNTlar faoliyatiga oid kafolatlar taʼminlanadi.

Fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish, NNTlarga koʻmak berish, davlat va jamiyat boshqaruvida ularning faol ishtirok etishini vazirlik qoʻllab-quvvatlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?