Xalqaro festival gʻoliblariga 45 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari topshiriladi

15:37 22 May 2022 Jamiyat
697 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoro shahrida boʻlib oʻtayotgan xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali gʻoliblari 12 ta nominatsiya boʻyicha taqdirlanadilar. Tadbir tashkilotchilarining jurnalistlar bilan oʻtkazgan matbuot anjumanida ana shu haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, “Eng yaxshi zargarlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zardoʻzlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zardoʻz”, “Eng yaxshi zargar” nominatsiyalari gʻoliblariga maxsus diplomlar va 5 ming AQSH dollaridan pul mukofoti topshiriladi. Qolgan yoʻnalishlar gʻoliblarining har biri 3 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev, turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Botir Shahriyorov, “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev va Buxoro shahri hokimi Jamol Nosirov qatnashgan tadbirda jurnalistlar festival byudjeti, tadbirdan kutilayotgan samaradorlik bilan ham qiziqdi.

Maʼlum qilinishicha, festival uchun salkam 14 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Ular teng ulushda respublika va mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilmoqda.

— 2019-yilda yurtimiz, jumladan, Buxoroga eng koʻp sayyoh tashrif buyurgan, — deydi Botir Shahriyorov. — Oʻshanda qadimiy shaharga 3 million 600 ming nafar sayyoh kelgandi. Ularning 630 ming nafarini xorijiy mehmonlar tashkil qilgan. Sayyohlikdan 32 million AQSH dollari miqdorida daromad koʻrildi.

Pandemiya sababli butun dunyoda sayyohlik sohasi jiddiy ziyon koʻrdi. Ahvol asta-sekin izga tushmoqda. Umuman olganda, mazkur festivalning yurtimizga sayyohlarni jalb etish borasidagi ahamiyati juda katta. U Buxoroning sayyohlik salohiyati oshishiga xizmat qiladi.

Tadbirda diqqatga molik yana bir dalil tilga olindi. Festivalga xorijiy hunarmandlar tomonidan 21 kilogramm kumush, 10 kilogramm tilla buyumlar olib kelingan. Agar ular sotiladigan boʻlsa, festival oʻtayotgan hududda tashkil qilingan bojxona posti shoxobchasi xodimlari tomonidan rasmiylashtiriladi, davlat boji undiriladi. Bu ham festival iqtisodiy samaradorligining bir qirrasi sanaladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?