Xalqaro asal festivali: Namangan asal mahsulotlari yetishtirish poytaxti deb eʼtirof etildi

23:50 01 Noyabr 2022 Jamiyat
778 0

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Joriy yilning 28–30-oktyabr kunlari Namanganda ilk bor xalqaro asal festivali boʻlib oʻtdi. Festival Turizm va madaniy meros vazirligi Namangan viloyati Bosh boshqarmasi va hamkor tashkilotlar tomonidan tashkillashtirildi.

Festivalda “Afsonalar vodiysi” bogʻida respublikamiz hududlari hamda qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya va Qozogʻiston davlatlaridan kelgan ikki yuzdan ortiq asalarichilar jam boʻldi. Tadbir sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sanoatlashtirish, xalqaro tajriba almashuv platformasini yaratish, mavjud muammolar yechimini topishga qaratildi.

Festival davomida “Afsonalar vodiysi” bogʻida asalarichilik mahsulotlari koʻrgazmasi ochildi.

– Namangan festivaliga taklifnoma olganimda juda xursand boʻldim va bu yerga togʻ giyohlaridan yigʻilgan mahsulotdan olingan, ekologik jihatdan toza, betakror asal olib keldim, — deydi Qirgʻiziston Respublikasi Jalolobod viloyatining Suzoq tumanidan tashrif buyurgan Adham Mavlonov. — Mahsulotimizga oʻzbek tadbirkorlari tomonidan katta qiziqish bildirildi, festival davomida qator manfaatli shartnomalar tuzishga erishdik.

Xalqaro festival ishtirokchilari tadbirning birinchi kunida bir-biridan boy koʻrgazmalar bilan tanishdilar. Keyin esa asalarichilik sohasini rivojlantirish hamda jahon tajribasini keng jalb qilish maqsadida The International Center for Agricultural Research in the Dry Areas (ICARDA) tashkiloti vakillari Max Runzel va Lora Beckerlar ishtirokida asal festivaliga tashrif buyurgan mahalliy va xorijlik asalarichilik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ilmiy-amaliy seminar treningi tashkil etildi. Seminarda asal mahsulotlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berish boʻyicha yaratilgan mobil ilova taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, festival doirasida Namangan viloyatida asalchilikni yanada rivojlantirish va asal mahsulotlarini eksport qilish maqsadida viloyat asalarichilari va qirgʻizistonlik asalarichilar oʻrtasida B2B uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda 2023–2025-yillarga moʻljallangan 5 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.

Quvonarlisi, Qirgʻiziston Respublikasi Asalarichilari uyushmasi raisi Valeriy Muxtarovich Namanganni asal mahsulotlari yetishtirish poytaxti deb eʼtirof etdi.

Eʼtirof etish kerakki, festivalda saxovat tadbiri ham uyushtirilib, imkoniyati cheklangan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga va yoshi keksalarga ming kilogramm asal bepul tarqatildi.

Festival yakunida ishtirokchilar eʼtiboriga turli tomoshalar taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?