Xalq taʼlimi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kimlar ragʻbatlantiriladi?

19:56 15 Avgust 2022 Jamiyat
506 0

Foto: Illustrativ surat

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi vaziri jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 12-avgustdagi 425-sonli qarori asosida Xalq taʼlimi vaziri jamgʻarmasi tashkil etilganligi ham bu yoʻldagi yana bir katta qadam hisoblanadi.

Xoʻsh, jamgʻarmaning tashkil etilganligi natijasida soha rivoji hamda oʻqituvchilarning pedagogik faoliyatida qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?

Eng avvalo aytish mumkinki, oʻquvchilari yuqori natijalarga erishgan hamda oʻz ustida doimiy ishlaydigan, oʻzining oʻqitish uslubi va xalq orasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan faol oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash yanada kuchaytiriladi.

Qaror asosida tasdiqlangan “Xalq taʼlimi vazirining jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizom”da keltirilganidek, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan:

— tizimda faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga har oylik ustama;

— ilgʻor xodimlarga bir martalik pul mukofoti;

xalqaro va asosiy olimpiadaning respublika bosqichida gʻolib boʻlgan oʻquvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga bir martalik pul mukofotlari toʻlanadi.

Shuningdek, Jamgʻarma mablagʻlari taʼlim sifati past, muhiti ogʻir boʻlgan maktablarga borib, pedagoglarga ilgʻor oʻqitish metodikalari va innovatsiyalarga oʻrgatayotgan metodik guruhlar faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga, ushbu guruhlar tarkibiga jalb etilgan mutaxassislarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.

Nomzodlarni ilk saralash ishlari qay tartibda olib boriladi?

Har oylik ustama toʻlanadigan nomzodlar saralash ishlari Vazirlik tomonidan tuzilgan hamda faol jamoatchilik vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda Davlat test markazi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi bitiruvchi-oʻquvchilarning tegishli oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihoni natijalarini hamda tegishli vazirliklar va idoralar xalqaro va respublika musobaqalari va tanlovlarida sovrinli oʻrinlarni egallagan oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Xalq talimi vazirligiga taqdim etadi.

Ikkinchi bosqichda Ishchi guruh bitiruvchi-oʻquvchilarning kirish imtihonlarida jamlagan ballardan kelib chiqib tuman (shahar)lar boʻyicha yillik kvotani taqsimlaydi hamda xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, yaʼni hududiy kengashlarga taqdim etadi.

Uchinchi bosqichda. Hududiy kengashlar tuman (shahar) kvotasidan kelib chiqib har oylik ustama olish uchun nomzodlarni tegishli yoʻnalishlar boʻyicha tuman (shahar) boʻyicha Ishchi guruhga taqdim etadi.

Har bir yoʻnalish boʻyicha tegishli tuman (shahar) uchun belgilangan har bitta kvota oʻrniga koʻpi bilan uchta nomzod taqdim etiladi.

Keyingi tanlov bosqichlari qay tartibda oʻtkaziladi?

Ishchi guruh tomonidan ustama toʻlanadigan malakali pedagog kadrlarni tanlab olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqichda —nomzodlarning dars beradigan umumtaʼlim fani boʻyicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari oʻtkaziladi;

Ikkinchi bosqichda — test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija koʻrsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat oʻtkaziladi. Maksimal ballning 80 foizidan past natija koʻrsatgan nomzodlar saralashning ikkinchi bosqichiga qoʻyilmaydi.

Bir martalik pul mukofoti kimlarga beriladi?

Mazkur huquqqa ega boʻlgan ilgʻor xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ishchi guruh tomonidan shakllantiriladi va Xalq taʼlimi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

Ustama va ragʻbatlantirish miqdorlari qancha?

Xalq taʼlimi vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan, suhbat natijalariga koʻra eng yuqori ball toʻplagan malakali pedagog kadrlarga:

— mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5,5 baravari (hozirgi vaqtda 5 060 000 soʻm) miqdorida har oylik ustama;

— mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti toʻlanadi.

Ushbu pedagog xodimlar roʻyxati Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Bu muhim:

— Har oylik ustama u belgilangan kundan boshlab 9 oy davomida, bir martalik pul mukofotlari Xalq taʼlimi vazirining buyrugʻi chiqqan vaqtdan boshlab toʻlab beriladi.

— Ustama toʻlanadigan oʻqituvchilarning respublika boʻyicha cheklangan yillik kvotasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi;

— Har oylik ustama olayotgan xodimlarga bir martalik pul mukofotlarini belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.

—  Xalq taʼlimi tizimida xodimning ish joyi, lavozimi oʻzgargan holda ham uning har oylik ustamasi saqlab qolinadi va belgilangan muddatga qadar toʻlanadi.

— Ustama oluvchilar xalq taʼlimi tizimidagi mehnat faoliyatini tugatgan taqdirda har oylik ustama toʻlash toʻxtatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?