Xalq taʼlimi vazirligi Yosh mutaxassislarni tanlash dasturini tasdiqladi

17:21 14 Oktyabr 2022 Jamiyat
888 0

Foto: Xalq taʼlimi vazirligi

Uning hayotiy zarurati nimada?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2022-yil 4-avgustda oʻtkazilgan tegishli yigʻilish bayoni asosida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi tasdiqlandi. Mazkur Dastur Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchi kursida oʻqiyotgan qobiliyatli yoshlarni saralab olish, ularning stajirovkasini tashkil etish va keyinchalik zaxiraga kiritish boʻyicha muhim jarayonlarni nazarda tutadi.

DASTUR NIMA UCHUN ZARUR?

Dasturning asosiy maqsadi – davlat xizmatiga eng munosib kadrlarni tanlash va tayyorlash orqali OTM bitiruvchilarini davlat xizmatiga jalb qilish samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Dasturning asosiy vazifasi — oliy taʼlim muassasalari hamda davlat xizmati oʻrtasida integratsiyani yoʻlga qoʻyish, salohiyatli va bilimli bitiruvchilarni vazirlik, uning tizimidagi tashkilot va muassasalarga stajirovka oʻtash uchun yoʻnaltirishdir.

Buning natijasi oʻlaroq, stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar tanlov (suhbat) asosida Xalq taʼlimi vazirligi hamda uning quyi boʻgʻinlariga ishga qabul qilinadi.

TANLOV QAY TARTIBDA OʻTKAZILADI?

Dastlab “Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi” boʻyicha stajirovka tanlovi haqida vazirlikning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoq sahifalarida berilgan eʼlon asosida nomzodlarning arizalari qabul qilinadi. Arizalarni qabul qilish onlayn shaklda (telegram bot orqali) ham amalga oshirilishi mumkin.

Nomzodlar tanlovda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, davlat fuqarolik xizmati va korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonunchilik, davlat tili, axborot texnologiyalari boʻyicha bilim darajasini aniqlash uchun vazirlik tomonidan hamkor OTMlar bilan birgalikda tashkil etiladigan sinovdan (test yoki suhbat) oʻtadi.

Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar (71 foizdan yuqori) vazirlik tomonidan suhbatdan oʻtkaziladi. Baholash natijalariga koʻra, sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarni stajirovkaga qabul qilish haqida vazirlikning buyrugʻi chiqariladi. Stajirovka jarayonini namunali yakunlagan yosh mutaxassislar stajirovka oʻtagan tashkilotning kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

STAJIROVKANING OʻTASH TARTIBI QANDAY?

Stajirovka uch oydan kam boʻlmagan hamda bir yildan koʻp boʻlmagan muddatda, uchta bosqich — tayyorlov, asosiy, hisobotlarni topshirish va baholash tarzida amalga oshiriladi. Talabalar stajirovka oʻtashning boshida tashkilotning tuzilishi, faoliyat yoʻnalishlari, oʻziga xosligi bilan tanishadi hamda stajirovka rahbari va biriktirilgan ustoz-mentor bilan birgalikda shaxsiy ish reja jadvalini tuzadi.

Asosiy bosqichda bitiruvchi shaxsiy ish rejada koʻrsatib oʻtilgan ishlarni bajaradi. Soʻnggi bosqichda hisobot-taqdimot stajirovka rahbari, ustoz-mentor va Yoshlar ishlari agentligi vakili tomonidan baholanib tasdiqlanadi.

Stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar sertifikat bilan taqdirlanadi va shu asosda bitiruvchilarni davlat xizmatiga ishga qabul qilishda imtiyoz beriladi.

KIMLAR ISHGA QABUL QILINADI?

Stajirovkani muvaffaqiyatli tamomlagan, sertifikatga ega bitiruvchilar vazirlikdagi maxsus komissiya tomonidan oʻtkaziladigan suhbat asosida oltinchi darajali davlat xizmatchilari (mutaxassis) vakant lavozimiga ishga qabul qilinishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?