Xalq taʼlimi vaziri 4-chorak darslari boshlanishi munosabati bilan ota-onalarga murojaat qildi

15:58 28 Mart 2021 Jamiyat
2329 0

«29-mart kunidan boshlab, 4-chorak darslari boshlanishi munosabati bilan, ota-onalardan koronavirus infeksiyasining koʻpayishi sharoitida, maktablarning masofaviy taʼlim shakliga oʻtkazilishi boʻyicha koʻplab savollar kelib tushmoqda.

Shu oʻrinda, yana bir bor eslatib oʻtmoqchimiz, oʻquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy oʻquv yilida gibrid taʼlim tizimi joriy etilgan, yaʼni farzandini maktabga yuborib anʼanaviy taʼlim olishi yoki uydan bepul televizion “Onlayn maktab” kanallari orqali masofaviy taʼlim olishi boʻyicha qarorni ota-onalarning oʻzi qabul qiladi.

Epidemiologik holat ogʻirlashgan hududlarda, mahalliy hokimlik organlariga karantin talablarini kuchaytirish choralarini koʻrish vakolati berilgan. Shuni inobatga olib, hududiy hokimliklar baʼzi tumanlardagi maktablarni toʻliq masofaviy taʼlim shakliga oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilishi mumkin. Oʻz navbatida, maktablarning maʼmuriyatiga sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya etish boʻyicha topshiriq berilgan.

Pandemiya nafaqat dunyo iqtisodiyoti va taʼlim tizimiga, balki insonlarning asabiga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Shunday ekan, qadrli ota-onalar, joylarda maktab jamoasi bilan oʻzaro hurmatni saqlagan holda, faqat birgalikda ushbu vaziyatdan chiqib ketishimiz mumkinligini tushunishingizni soʻraymiz!» deyiladi vazir Sherzod Shermatovning murojaatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?