“Xalq soʻzi”da eʼlon qilingan maqolaga Jurnalistlar uyushmasi munosabat bildirdi

00:50 22 Avgust 2021 Jamiyat
928 0

Avvalroq, saytimizda “Jurnalistikaga qabul: ijodiy imtihonlar nega olib tashlandi” sarlavhali maqola eʼlon qilingandi.

Unda muxbirimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat test markazi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga qator savollar bilan murojaat qilgan. Ya'ni oliy taʼlim muassasalarining jurnalistika fakultet va yoʻnalishlariga qabul jarayonida kasbiy-ijodiy imtihonlarni qayta tiklash masalasi koʻtarilgan.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining maʼlum qilishicha, uyushma maqolani atroflicha oʻrganib chiqqan.

Qayd etilishicha, uyushma ushbu masalani oʻrganish maqsadida tegishli tashkilotlar masʼullari bilan bogʻlangan. 

Maʼlum boʻlishicha, 2020-yili Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tegishli tartibda pandemiya tufayli jurnalistika sohasiga qabul qilinadigan abituriyentlardan vaqtincha, karantin talablari yumshagunicha kasbiy-ijodiy imtihon olinmasligi haqida Respublika oliy taʼlim muassasalariga qabul boʻyicha davlat komissiyasiga taklif kiritgan. Taklif maʼqullanib, Davlat test markaziga topshiriq berilgan va ushbu topshiriq joriy yilda ham amal qilgan.

«Maqolada bu tartib nima uchun boshqa kasbiy-ijodiy imtihon talab qilinadigan sohalarga tatbiq etilmayotganiga alohida urgʻu qaratilganki, bu borada mutasaddi tashkilotlar tegishli javob beradi, deb umid qilamiz.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi jurnalistika sohasida kasbiy-ijodiy imtihon olinishi tarafdori ekanini alohida taʼkidlamoqchimiz. Qolaversa, ushbu masalada masʼul idoralarga oʻz taklif va tavsiyalarini bildirishini maʼlum qilamiz», deydi uyushma rahbari Olimjon Oʻsarov.

Ammo, maqolada nomi keltirilgan qolgan qator mutasaddi tashkilotlar hamon sukutda. Oʻylaymizki bu uzoqqa choʻzilmaydi, tanqidimizga ijobiy javob qaytarishlarini kutamiz...

Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Davlat test markaziga yana bir bor haqli savollar bilan murojaat qilmoqchimiz. 

Nega kasbiy-ijodiy imtihonlar aynan jurnalistika yoʻnalishida olib tashlandi? Karantin qoidalari roʻkach qilinar ekan nega barcha ijodiy imtihoni bor yoʻnalishlarda ham bu holat kuzatilmadi? Iste'dodsiz jurnalistlar yetishtirishdan kimga naf? 

Tahririyatimiz yuqorida nomi qayd etilgan tashkilotlardan aniq javoblar kutadi. Zero, jurnalistika ham xuddi rassom yoki sanʼatkorniki singari, kishidan favqulodda noyob talantni talab qiladigan kasbdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?