Togʻli Qorabogʻ. Vayron boʻlgan shaharlar qayta tiklanmoqda

12:48 03 Sentyabr 2021 Jamiyat
946 0

“Xalq soʻzi” muxbiri Dilshod Karimov Ozarbayjonda boʻlib turibdi.

Turkiy tilli davlatlar Kengashiga aʼzo mamlakatlar ommaviy axborot vositalari vakillarining Ozarbayjonga uyushtirilgan press-tur doirasida jurnalistlar Togʻli Qorabogʻga safar qilishdi.

Jurnalistlar Ozarbayjon Qurolli kuchlarining Armaniston bosib olgan yerlarni ozod qilish uchun jang kechgan hududlar, vayronalarni tiklash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Mehmonlar oʻtirgan beshta avtobus Jabrail shahriga eltuvchi past-baland yoʻllardan ketib borar ekan, yoʻl-yoʻlakay har qadamda urush dahshatlarining iziga koʻzingiz tushadi. Bu hududlarda janglar qattiq kechgani har qadamda koʻrinib turibdi. Urush oqibatida vayronaga aylangan aholi yashash punktlari huvillab yotibdi. Xaroba uylar yapoloqqushlar, ilonu chayonlar makoniga aylanib boryapti. Egasiz qolgan bogʻ-rogʻlar qurib, serrayib turibdi. 

Lekin quvonarlisi, bugun Qorabogʻda tiklash ishlari boshlanib ketgan. Qorabogʻning yuragi — Shusha shahrida elektr, gaz, ichimlik suvi tarmoqlari yangilanmoqda, ijtimoiy obyektlar taʼmirlanyapti.

Faqat uylarning toʻrt devoridan iborat vayronalar, qurib qolgan uzumzorlar, inson qoʻli bilan ekilgan va uzoq vaqt parvarish koʻrmagan mevali daraxtlarning mungʻaygan tanalari, qarovsiz qolgan qabristonlar, buzib tashlangan qabr toshlari urush dahshatidan soʻzlab turibdi. Ha, bu yerlarda bir vaqtlar insonlar yashagan, hayot qaynagan. Yoʻl yoqalarida yonib oddiy temir uyumiga aylangan tanklar, snaryad siniqlari, portlagan mina parchalari urush odamlar uchun mislsiz kulfat keltirishini eslatib turibdi.

Bu dahshat izlarini kuzatar ekansan tinchlik odam uchun qanchalar buyuk neʼmat ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilasiz va albatta bu neʼmatni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekaniga amin boʻlasiz.

— Hukumatimiz vayronaga aylangan hududlarni yana qayta tiklash, urush tufayli bu yerlarni majburan tark etgan qochqinlarni yana oʻz yerlariga qaytarish uchun ulkan bunyodkorlik ishlarini olib bormoqda, — deydi siyosatshunos Rusif Husaynov. — Qudratli texnikalar tepaliklarni kesib yangi asfalt yoʻl qurmoqda. Elektr energiyasi taʼminotini tiklamoqda.

— Hademay uylar qayta quriladi, bogʻu xiyobonlar, maktablar, masjidlar bunyod etiladi. Buning uchun Ozarbayjonda moliyaviy resurslar yetarli, eng muhimi xalqimizning irodasi mustahkam, ruhan tayyor, qolaversa, mana shunday qiyin damlarda ham qardosh va doʻst mamlakatlar xalqimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab turgani bizga alohida kuch bagʻishlaydi.

Press-tur davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?