Xalq muallifligida yozilgan hujjatlar taraqqiyotga xizmat qiladi

15:01 22 Iyun 2022 Jamiyat
630 0

Bugungi globallashuv va shiddatli taraqqiyot zamonida, avvalo, barkamol avlodni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash, ularning huquqiy bilimini oshirish gʻoyatda muhim masala.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini oʻrgatish, ayniqsa, yoshlarning huquq va erkinliklari, fuqarolik burchini belgilab bergan normalar mohiyatini tushuntirib berish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Konstitutsiya nafaqat bugungi kun taraqqiyoti, balki ertangi kunni, istiqbolni belgilovchi hujjat, obod yurtimizning kelajak yoʻlini yoritib turguvchi mashʼaladir.

Bosh qomusimiz va uning asosida qabul qilingan qonunlar mazmunini yaxshi bilish bizga oʻz huquq va manfaatlarimizni roʻyobga chiqarishda yordam berishi bilan birga, huquqiy ongimiz va shuurimizda qonunlarga hurmat hissini oshiradi.

Ayni kunda bosh qomusimizni har tomonlama mukammal ishlab chiqishga bel bogʻlanayotgan bir paytda, mustaqil mamlakatimizda yoshlarning dunyoda hech kimdan kam boʻlmasdan, buyuk ajdodlarimizga munosib insonlar boʻlib kamol topishi uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi asosiy maqsad sifatida belgilangan.

Bu boradagi mulohazalarni davom ettirgan holda yana shuni aytish joizki, Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimiz va jamiyat taraqqiyotiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiluvchi izchil islohotlar amalga oshirildi. Bu, avvalo, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy va boshqa yoʻnalishlarda hayotga tatbiq etilgan keng koʻlamli ishlarda koʻzga tashlanmoqda.

Ammo, inson qadri va manfaatlarining yuksalishi, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlik uchun qulay boʻlgan ishbilarmonlik muhitini yaratish, aholining ijtimoiy taʼminotini toʻlaqonli taʼminlash borasida boshlangan ishlar nafaqat qabul qilayotgan qonunlarimizni, shu bilan birga, barcha huquqiy faoliyatimiz uchun mustahkam asos boʻlgan Bosh qomusimizni ham bugungi zamon talablari nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda oʻzgartirishni talab etmoqda.

Albatta, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida oʻtgan besh yillikda shakllangan xalq bilan maslahatlashgan holda, ularning fikr va mulohazalariga quloq tutib ish koʻrishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bois Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning aʼzolari tomonidan yurtdoshlarimiz uchun nafaqat mamlakatimiz hududida, balki dunyoning istalgan joyida turib Bosh qomusimizni takomillashtirish borasida takliflar berish imkoniyati yaratib berildi.

Aytish kerakki, konstitutsiyaviy islohotlarda inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini oshirish, Asosiy qonunimizda yoshlar siyosati, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini aks ettirish kabi yoʻnalishlarga ustuvorlik qaratilmoqda.

Umuman, bugun amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar aholi farovonligi va mamlakat ravnaqini yanada yuksaltirishga, Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy qudratini mustahkamlash orqali dunyo hamjamiyatidagi oʻrnini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan yanada ahmiyatlidir.

Nilufar SHIRINOVA,

Nargiza SHIRINOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsentlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер