Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputatga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllashga rozilik berishni rad etdi

10:10 20 Aprel 2020 Siyosat
1452 0

Bir necha kundirki, xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati va IIB xodimlari oʻrtasidagi tortishuv ijtimoiy tarmoqlarning muhokama mavzusiga aylangan. Gap shundaki, oʻtgan hafta deputat Tolib Muhammadiyev viloyat markazidagi “Qizilkoʻprik” postida IIB katta inspektori talablarini bajarmasligi yuzasidan ular oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan edi. IIVning axborot xizmati boʻlimi tomonidan bu hususda “Safdor Husanboy Ziyoviddinov deputatni tinchlantirmoqchi boʻlganida u xodimning pogoni va xizmat koʻkrak nishonini yulib olib, boshqa tomonga uloqtirib yuborgan", deya xabar berilgan.

Bunday holatlarda deputat dahlsizligi talablaridan kelib chiqqan holda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish uchun rozilik berishni soʻrab xalq deputatlari Kengashiga chiqiladi. 16-aprel kuni Namangan shahar prokuraturasi maxalliy Kengashga ana shunday xat bilan murojaat qilgan edi. Unda deputatga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatib, deputat Muhammadiyev Tolibga qamoq ehtiyot chorasi koʻrilishi uchun rozilik soʻralgan.

Bu orada tortishuv guvohi boʻlgan deputat hamrohining Feysbukda videomurojaati tarqaldi. Uning aytishicha, voqea yuz bergan paytda deputat hech kimning pogonini yulmagan, aksincha, ichki ishlar xodimlari deputatning haqli talablarini bajarmagan, va hattoki deputatga tarsaki tushirganligi bayon qilinadi.

Kecha xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining sessiyasida ushbu masala koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi. Unga koʻra, Kengash deputatga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllashga rozilik berishni rad etgan. Endi gap tegishli organlarning voqea tafsilotlarini chuqur oʻrganib, unga holis baho berishida qoldi. “Kim haqu, kim nohaq”, degan savolga javobni esa albatta, sud aytadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?