Xalq bilan muloqotning haqchil tizimi odamlarda rozilik hissini oshirmoqda

13:27 23 Iyun 2022 Jamiyat
190 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbari tashabbuskorligida yoʻlga qoʻyilgan xalq bilan muloqotning haqchil tizimi, avvalambor, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, manfaatlarini taʼminlashga, Yangi Oʻzbekistonda ilgari surilayotgan “inson-jamiyat-davlat” tamoyilini roʻyobga chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimiz koʻrsatmasiga binoan tuzilgan respublika ishchi guruhi shu kunlarda oʻz faoliyatini Samarqand viloyatida davom ettirmoqda. Samarqandliklar markaziy idoralar rahbarlari bilan uchrashish uchun vaqt va mablagʻ sarflab poytaxtga borishi shart emas, chunki masʼullarning oʻzi bugun ularning oldiga kelmoqda. Boshqacha aytganda, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ustuvor gʻoya amalda ishlayapti.

Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari boʻyicha maslahatchisi rahbarligidagi respublika ishchi guruhining Samarqand shahri, Kattaqoʻrgʻon va Ishtixon tumanlarida oʻtkazgan ommaviy qabullarida yuzlab fuqarolarning murojaatlari oʻrganildi.

Sud-huquq masalalari yuzasidan qilgan murojaatlari hal boʻlgan fuqarolar bilan suhbatlashar ekansiz, adolat qaror topganidan mamnun ekanligi, bugun Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi barcha jabhada taʼminlanayotganidan rozi ekani guvohi boʻlasiz. Masalan, qabul doirasida jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar hamda Nurobod tuman sudlari tomonidan ichki ishlar organlari probatsiya boʻlimi nazoratida turgan 27 nafar mahkumlarning murojaatlari sayyor sud tartibida koʻrib chiqildi hamda jazo muddatini oʻtayotganlarning bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi JKning 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, bir qismining jazosi esa Oʻzbekiston Respublikasi JKning 74-moddasiga asosan yengilrogʻi bilan almashtirildi.

Oqdaryo tumanidagi “Yunusxon ahli” korxonasi yogʻ ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonadan chiqayotgan zararli hid esa shu hududda yashovchi odamlarning salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani yuzasidan murojaat kelib tushgach, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan mazkur holat oʻrganilib, sud orqali korxona faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan edi. Shu vaqt orasida korxona masʼullari tozalash inshootlarini qurib, oqova suvlarni Samarqand shahar oqova suv inshooti tarmogʻiga ulashdi. Shuningdek, zarur ekologik meʼyoriy hujjatlar toʻliq rasmiylashtirildi. Bir soʻz bilan aytganda, sud qarorida belgilangan talablar toʻliq taʼminlandi. Sayyor qabulda korxona rahbariyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi masʼullariga uchrashib, oʻz faoliyatini boshlashga ruxsat berishini soʻrashdi. Murojaat joyida oʻrganildi va korxona belgilangan talablar asosida faoliyatini davom ettiradigan boʻldi.

Yana bir muhim jihat. Qabullarda aholi tomonidan nafaqat individual masalalarda, balki jamoaviy muammolarni hal etish boʻyicha ham murojaatlar kelib tushayotganini koʻrish mumkin. Masalan, Pastdargʻom tumanidagi Samarqand mahallasi fuqarolari avvalgi qabullarda jamoat transporti qatnovini koʻpaytirish masalasida masʼullarga murojaat qilgan edi. Ularning ushbu murojaati Transport vazirligi tomonidan chuqur oʻrganildi, transport xizmati koʻrsatuvchi tadbirkorlik suʼbektlari vakillari bilan kelishilgan holda ushbu murojaat ijobiy yechim topdi. Gap shunadki, fuqarolarning murojaatlari asosida Juma-Samarqand yoʻnalishiga 8 ta zamonaviy mikroavtobuslar qatnovi yoʻlga qo‘yildi.

Olmaxon Hamroyeva Samarqand shahri, Kimyogarlar qoʻrgʻoni, 29-daha, 26- uyda yashaydi. Avvalgi ommaviy qabulrda oʻzi istiqomat qiladigan koʻp qavatli uyning liftlari yillar davomida ishlamasdan kelayotgani, bu esa aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligi boʻyicha murojaat qilgan edi. Bu galgi ommaviy qabulda Olmaxon Hamroyeva Uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi masʼullariga yuzlanib, murojaatidan soʻng koʻp qavatli uyga yangi va zamonaviy liftlar oʻrnatilgani, aholi esa bundan mamnun ekanligini aytib, minnatdorlik bildirdi.

Ommaviy qabul davomida Oliy taʼlim vazirligi masʼullari ham koʻplab murojaatlar bilan ishladi. Aytaylik, Samarqand davlat universitetining psixologiya va ijtiomiy munosabatlar fakulteti talabasi Ilya Joʻrayev iqtisodiy imkoniyati bois kontrakt pulini toʻlashda qiynalayotganini masʼullarga bayon etdi. Uning murojaati universitet rahbariyati bilan joyida oʻrganildi va uning 2 -yarim yillik kontrak puli oliy taʼlim muassasasi hisobidan toʻlab beriladigan boʻldi.

Samarqand davlat universiteti talabasi Guljahon Mardonova otasi 2022-yilning yanvar oyida oʻtkir buyrak yetishmovchiligi tufayli vafot etganligi bois yotoqxona toʻlovida qarzdorlik vujudga kelganini bildirib, shu masalada amaliy yordam koʻrsatishni soʻradi. Olis Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumanidan kelib, Samarqandda tahsil olayotgan ushbu talabaning arzini diqqat bilan tinglagan vazirlik masʼullari muammoni bartaraf etish choralarini koʻrishdi. Guljahonning yotoqhonadan mavjud boʻlgan qarzdorligi oliygohning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplab beriladigan boʻldi.

Mazkur universitetning agrobiotexnologiya fakultetida tahsil olayotgan 2-bosqich talabasi, toyloqlik Latofat Ulasheva ham sayyor qabulda toʻlov shartnoma pulining qolgan qismini toʻlash imkoniyati yoʻqligini maʼlum qilib, masala yechimi boʻyicha vazirlik mutasaddilaridan koʻmak soʻradi. Latofatning ota-onasi davlat ishida ishlamasligi, yana bir akasi toʻlov shartnoma asosida Samarqand davlat chet tillari institutida oʻqiyotganini inobatga olgan masʼullar uning ham talabini qanoatlantirdi. Talabaning shartnomasida koʻrsatilgan mablagʻning toʻlanmay qolgan qismi oliygohning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladigan boʻldi.

Maʼlumki, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash ham bugun eng birlamchi ehtiyojlardan biri sanaladi. Ommaviy qabul davomida “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga ushbu masala boʻyicha bir nechta murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlar joyiga chiqqan holda, masʼullar bilan birgalikda oʻrganildi.

Pastdargʻom tumanidagi “Agʻron” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Husniddin Umarov mahalladagi suv minorasida yuzaga kelgan nosozlik tufayli mahalla ahlini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash imkoni boʻlmayotgani, bu holatni bartaraf etib, muammoni yechish chorasini koʻrishda amaliy yordam soʻradi. Holat joyiga borib oʻrganilganida 800 ta xonadonni toza ichimlik suvi bilan taʼminlab kelayotgan suv minorasining nasosi haqiqatdan ham nosozligi, ayrim quvurlar maʼnan eskirgani aniqlanib, muammo bartaraf etiladigan boʻldi.

Sayyor qabul davomida umumtaʼlim maktablarini bitirgan bir guruh yoshlarga fuqarolik hujjatlari taqdim etildi. 3 nafar shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalarining tantanali ravishda topshirilishi ular uchun unutilmas voqea boʻldi. Raʼno Azimova shunday quvonchli kunni 30 yildan buyon kutayotgan boʻlsa, Dilafruz Karimova 27 yil, Nodira Azimurodova 21 yildirki, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishni orzu qilar edi.

— Men Tojikistonda tugʻilib, Samarqandda voyaga yetganman, — deydi Raʼno Azimova. — Yillar davomida fuqaroligim boʻlmagan. Mazkur sayyor qabul jarayonida oʻzimni qiynab kelayotgan yukdan xolos boʻldim. Bugun oʻzimni teng huquqli mamlakat fuqaro sifatida his qilmoqdaman.

Bugungi axborot asrida Internetning cheksiz imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanishga intilish tabiiy holdir. Xuddi shunday, sayyor qabulda Samarqand tumani Qavallo mahallasida yashovchi fuqarolar yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻi tortishni soʻrab, “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik jamiyati vakillariga murojaat qilishdi. Ushbu masala joyiga chiqib oʻrganildi hamda “Oʻzbektelekom” mutaxassislari 500 metrdan ortiq yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻini tortib berishdi. Natijada 130 ta xonadon sohiblariga uyda oʻtirib, jahon axborot tarmogʻiga ulanish imkoniyati yaratildi.

Qabullar yakunida idora va tashkilotlar mutasaddilari, sektorlar rahbarlarining murojaatlar bilan ishlash holati boʻyicha hisobotlari tinglandi. Har bir soha boʻyicha mutasaddilarning bu boradagi faoliyati tanqidiy-tahlil qilindi. Barcha murojaatlarni oʻz vaqtida va chuqur oʻrganish, aytilgan muammoning oxiriga yetish, ularga qonuniy-adolatli yechim topish boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berildi.

Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi masʼullari, Oliy sud, Bosh prokuratura, umuman olganda, oʻttizga yaqin vazirlik va idoralar masʼullari hamda Xalq qabulxonalari, viloyat sektorlar rahbarlarining xalq bilan oshkora muloqoti, kelib tushayotgan murojaatlarni joyiga chiqqan holda real oʻrganayotgani, asosli murojaatlar esa hal etilayotgani, olib borilayotgan islohotlar inson va uning manfaatlarini amalda toʻla taʼminlashga xizmat qilayotganidan dalolatdir.

Samarqand viloyatida ommaviy qabullar davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?