Xayru saxovat koʻngillarga yorugʻlik olib kiradi

13:41 13 May 2022 Jamiyat
378 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yilning oʻtgan davrida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Fargʻona viloyat boʻlimi boshqaruvi tomonidan ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, voyaga yetmagan yetim bolalar, yolgʻiz qariyalar, nogironligi boʻlganlar hamda tabiiy ofatdan jabr koʻrgan 134 fuqaroga 68,7 mln. soʻmlik yordam koʻrsatildi.

Shu bilan birga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarorlari asosida 5,5 mlrd. soʻm mablagʻlar evaziga 8 mingga yaqin “Temir daftar” va “Ayollar daftar”iga kiritilgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga koʻmak berildi.

Qoʻshtepa tumani “Qorajiyda” mahalla fuqarolar yigʻini, Olmazor koʻchasi, 75–uyda yashovchi Jamila Abdurahmonova 2-guruh nogironi. Tabiiyki, topgani roʻzgʻordan ortmaydi. Yaqinda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Fargʻona viloyati boʻlimi boshqaruvi xodimlari bu xonadonda boʻlib, Jamila opaga nogironlik aravasi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.

— Men va oilam davlatimiz eʼtiboridan chetda emasligini har doim his qilib turamiz, — deydi Jamila opa. — Hamisha yaxshi insonlar koʻmak berishadi, koʻngil soʻrashadi. Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik odamda ertangi kunga umid va ishonch tuygʻularini oshirib, koʻngilni yoritar ekan.

Margʻilon shahri Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Aysha Niyozaliyeva 88 yoshni qarshi oldi. Keksalik sabab harakatlanishda birmuncha qiyinchiliklarga duch kelayotgandi. Xotira va qadrlash kuni oldidan qutlugʻ yoshli onaxon yoʻqlandi, nogironlik aravasi sovgʻa qilindi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Fargʻona viloyat boshqaruvi raisi Bahodir Yulbarsovning maʼlum qilishicha, bu kabi ezgu tadbirlar har bir shahar-tuman, mahallalar kesimida uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?