Kentukki shtati Iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Keti Smit: biz Oʻzbekiston bilan hamkorlikka tayyormiz

15:32 30 Iyun 2022 Iqtisodiyot
657 0

AQSH mintaqalari bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlash, Amerika ishbilarmon doira vakillarini mamlakatimizda boʻlayotgan jarayonlarga jalb etish doirasida Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov Kentukki shtati Iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Keti Smit bilan uchrashdi.

Oʻtkazilgan uchrashuv davomida Amerika tomoni mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar va islohotlar, zamonaviy Oʻzbekistonning ustuvor vazifalari, respublikada xorijiy biznes vakillarining ishtirokini kengaytirish, qulay sharoitlar yaratish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi savdo-sanoat markazi sifatida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumotlar oldi.

Muzokaralar chogʻida mamlakatimiz va Kentukki shtati oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, suv taqchil hududlarda samarali irrigatsiya yoʻnalishida AQSH ilgʻor tajribasini oʻrganish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

K. Smit Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, mamlakat aholisining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilashga qaratilgan yuksak taraqqiyot dinamikasi Oʻzbekistonning xalqaro hamkorligini mustahkamlashda qudratli kuchga aylanishini alohida taʼkidladi.

Vazir oʻrinbosari, mintaqaning iqtisodiy salohiyati haqida gapirar ekan, mintaqada tuproqning yuqori kalsiy miqdori tufayli asosiy otchilik (va keyinchalik poyga) maydoniga aylanganini aytib oʻtdi. Shu bilan birga, hozirda Kentukki iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligidan tashqari, avtomobil ishlab chiqarish, energiya yoqilgʻisi ishlab chiqarish va tibbiyot muassasalarida ham yuqori natijalarga erishgan, deb qoʻshimcha qildi K.Smit.

Uchrashuv davomida taʼkidlanishicha, Kentukki shtati Iqtisodiy rivojlanish vazirligining asosiy vazifasi ish oʻrinlarini yaratish, saqlab qolish va biznes sarmoyalarini ragʻbatlantirish, yangi sanoatlarni jalb qilish va mavjud kompaniyalarning oʻsishi va kengayishiga yordam berishdan iborat. Shuningdek, ushbu idora tadbirkorlar, startaplar va kichik biznes egalarini qoʻllab-quvvatlaydi va resurslar bilan taʼminlaydi.

K.Smit soʻzlariga koʻra, vazirlik Frankfort shahridagi markaziy ofisidan tashqari, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida oʻz vakolatxonalariga ega boʻlib, xalqaro miqyosda hamkorlik qilish imkoniyatlari ustida doimo ish olib boradi. Shu oʻrinda, investorlar va xorijiy ishbilarmonlarni jalb qilish maqsadida zamonaviy sayt ishga tushirilganligiga urgʻu berib, K.Smit mazkur havola (https://ced.ky.gov/) orqali shtat iqtisodiy imkoniyatlariga doir barcha kerakli maʼlumotlarni olish imkoniyati mavjudligini aytib oʻtdi.

Uchrashuv soʻngida, K.Smit mamlakatimiz bilan aloqa oʻrnatishga, Kentukki tajribasini oʻrganishga istak bildirgan respublika vakillarini kutib olishga hamda shtat ishbilarmon doira vakillarini Oʻzbekiston bilan aloqalarini oʻrnatishga undashga tayyorligini maʼlum qildi.

Eslatib oʻtamiz, 1792-yil 1-iyunda Qoʻshma Shtatlarga qabul qilingan Kentukki oʻzining qulay qishloq xoʻjaligi sharoitlari bilan tarixan mashhur boʻlib, echkichilik boʻyicha mamlakatda 5-oʻrin, qoramollar boʻyicha 8-oʻrin, makkajoʻxori yetishtirish boʻyicha 14-oʻrinda turadi. Shtat yalpi ichki mahsuloti 194 milliard dollar, aholisi esa 4,5 million kishi. Avtomobilsozlik, energetika yoqilgʻisi va tibbiyot ham iqtisodiyotning muhim tarmoqlari hisoblanadi. Kentukki yigʻilgan yengil va yuk mashinalari soni boʻyicha AQSH shtatlari orasida 4-oʻrinda turadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?