Kentukki ishbilarmon doiralari Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati bilan tanishdi

18:07 22 Iyun 2022 Iqtisodiyot
785 0

AQSH mintaqalari bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlash, hamda Kentukki shtati ishbilarmon doiralar bilan aloqalarni izchil rivojlantirish maqsadida “World Affairs Councils of Kentucky and Southern Indiana” tashkiloti aʼzolari uchun brifing tashkil etildi.

Diplomatik vakolatxonamizdan maʼlum qilishicha, tadbir avvalida Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalari, iqtisodiy rivojlanishdagi yutuqlar va istiqbollar, shuningdek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot Strategiyasi doirasida Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining asosiy yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, Amerika tomoni mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay sarmoyaviy muhitni yaratish, mamlakatning raqobatbardoshligi va innovatsion rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan inson kapitalini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan ham tanishdi.

Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar haqida alohida soʻz yuritgan holda, Oʻzbekiston hududlari oʻrtasidagi hamkorlik geografiyasini kengaytirish, AQSHning yirik shaharlari bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, amerikalik investorlarning ichki bozorda tadbirkorlik faolligini oshirishga eʼtibor qaratildi.

Brifing ishtirokchilari respublika tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, hukumatimiz tomonidan ilgari surilayotgan ochiqlik siyosati, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo, yaqin va uzoq xorij mamlakatlari bilan siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarini sifat jihatidan mustahkamlash borasidagi ishlari bilan ham tanishishdi.

Brifing davomida “World Affairs Council of Kentucky and Southern Indiana” direktorlar kengashi raisi Kristina Milner soʻzga chiqib, shtat tadbirkorlari savdo, innovatsiyalar va tadbirkorlik sohalarida foydalanilmagan salohiyatni roʻyobga chiqarish uchun Oʻzbekiston tomoni bilan samarali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Uning fikricha, qisqa vaqt ichida mamlakatimizda erishilgan taraqqiyot darajasi xorijiy investorlar uchun oʻz resurslarini iqtisodiyotimizga sarmoya kiritishi uchun yaxshi ishoradir.

Tadbirlar soʻngida alohida savol-javob sessiyasi tashkil etilib, unda brifing ishtirokchilari respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning ayrim jabhalari, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy dinamika bilan qiziqdi.

Muhokama yakunida kelgusidagi hamkorlik boʻyicha yangi gʻoya va takliflar ishlab chiqish maqsadida shu kabi uchrashuvlarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.

Eslatib oʻtamiz, “World Affairs Councils of America” (WACA) 1918-yilda tashkil etilgan, 40 shtatdagi 93 ta avtonom va partiyasiz kengashlar tarmogʻini, shu jumladan “World Affairs Councils of Kentucky and Southern Indiana«ni oʻz ichiga oladi. U AQSHning xalqaro ishlar boʻyicha eng yirik notijorat tashkiloti hisoblanadi. WACA xalqaro almashinuvlar, maktab dasturlari, oʻqituvchilar seminarlari, tashqi siyosat muhokamalari, milliy soʻrovlar, sayohat dasturlari, yosh professional dasturlar va konferensiyalarga homiylik qiladi.

1792-yil 1-iyunda Qoʻshma Shtatlarga qabul qilingan Kentukki oʻzining qulay qishloq xoʻjaligi sharoitlari bilan tarixan mashhur boʻlib, echkichilik boʻyicha mamlakatda 5-oʻrin, qoramollar boʻyicha 8-oʻrin, makkajoʻxori yetishtirish boʻyicha 14-oʻrinda turadi. Shtat yalpi ichki mahsuloti 194 milliard dollar, aholisi esa 4,5 million kishi. Avtomobilsozlik, energetika yoqilgʻisi va tibbiyot ham iqtisodiyotning muhim tarmoqlari hisoblanadi. Kentukki yigʻilgan yengil va yuk mashinalari soni boʻyicha AQSH shtatlari orasida 4-oʻrinda turadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?