Kelgusi yil yana Boʻzatovda koʻrishguncha!

Foto: Халқ сўзи
Avval xabar berganimizdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida shu yilning 10-may kuni “Boʼzatov FEST-2022” yoshlar festivaliga start berilgan edi.
Yurtimizning turli hududlaridan izlanuvchan va faol, qoʻshiqchilik sanʼatining anʼanaviy ijro, opera hamda estrada, shuningdek, baxshichilik yoʻnalishlarida betakror isteʼdodi, mahorati bilan eʼtirof qozonayotgan yigit-qizlarni Orolboʻyiga chorlagan Boʻzatovdagi anʼanaviy festival chinakam yoshlar bayramiga aylanib ketdi.
Eʼtiborlisi, ikkinchi bor oʻtkazilgan mazkur festival bu yil ham yangi-yangi isteʼdodlarni kashf etdi. Binobarin, Boʻzatov festivali mamlakatimizdagi barcha yoshlar intiqib kutadigan, oʻzlarining ijodiy izlanishlari mahsuli va iqtidorini namoyish etadigan, katta sahnalarga tramplin vazifasini oʻtayotgan muhim tadbirlardan biriga aylanmoqda.
Kuni kecha Boʻzatov tumanining markaziy stadionida II “Respublika yoshlar ovozi” tanlovining final bosqichi gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Kamalov soʻzga chiqib, tanlovda munosib ishtirok etgan va yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan yigit-qizlarni qizgʻin tabrikladi.
Shundan soʻng 152 nafar ishtirokchi orasidan tegishli yoʻnalishlarda uch yosh (10-15 yosh, 16-22 yosh, 23-30 yosh) toifasida gʻoliblikni qoʻlga kiritganlar taqdirlandi.
Shunday qilib baxshichilik yoʻnalishida 10-15 yoshlilar orasida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Ashirbek Qozibayev birinchi oʻringa, Qashqadaryo viloyatidan Jamshid Shoqulov ikkinchi oʻringa, surxondaryolik Doniyor Toshmurodov uchinchi oʻringa munosib deb topildi. 16-22 yoshlilar orasida ham mezbonlardan Gulayim Oteshova mutlaq gʻolib boʻldi. Keyingi oʻrinlarni qashqadaryolik Ogʻabek Ulashov, Toshkent shahridan Eldor Shomurodov egalladi. 23-30 yoshlilardan Toshkent viloyatidan Murodjon Aliyev, Surxondaryo viloyatidan Farrux Nuraliyev va qoraqalpogʻistonlik Azamat Elmuratov kuchli uchlikni band etdi.
Opera yoʻnalishida 10-15 yoshli ishtirokchilardan poytaxtdan Lazizbek Shonazarov birinchi, qoraqalpogʻistonlik Baxitbek Qalibayev ikkinchi, navoiylik Nodira Tolibjonova uchinchi oʻrin sohiblariga aylansa, 16-22 yosh toifasida esa Toshkent viloyatidan Zuhra Tursunboyeva, Ozodjon Murodov va samarqandlik Malika Akmaljonova yuqori natijalarni koʻrsatdi. 23-30 yosh qatnashchilar ichida surxondaryolik Kamol Muhammadiyev, qashqadaryolik Xoʻjanazar Jumayev, Toshkent shahridan Xislat Komilov ham gʻoliblar safidan joy oldi.
Estrada yoʻnalishida tegishli yosh toifasida qoraqalpoq qizi Zarima Maxsudova, toshkentlik Maryam Cherkashina, Sirdaryoning sohir nafas qizi Laylo Sharafiddinova, Jizzax viloyatidan Hojiakbar Tojiboyev, Namangan viloyatidan Noila Habibullayeva va poytaxtlik Umida Farruxova, qoraqalpoqlik Alimbay Karimbayev, namanganlik Kamron Mamadaliyev, Toshkent viloyatidan Munisbek Redjepov festivalning bu yilgi sovrindorlari sanaladi. 23-30 yoshlilar orasidan Boʻzatov festivali gʻoliblari boʻldi.
Xuddi shunday, anʼanaviy ijro yoʻnalishida toshkentlik Sherbek Shavkatov, Toshkent viloyatidan Ozodbek Abdumatalibov, Xorazm viloyatidan Asadbek Rahimov, Toshkent shahridan Sevinch Jovliyeva, Surxondaryo viloyatidan Asqar Temirov, Buxoro viloyatidan Gulchiroy Baxshilloyeva, yana Toshkent shahridan Xushnidjon Solijonov, sirdaryolik Boboqul Orziyev, Toshkent viloyatidan Azamatjon Yoʻldashev yuqori oʻrinlarni band etdi.
Birinchi oʻrin egalariga 50 million soʻmdan, ikkinchi oʻringa munosib topilganlarga 30 million soʻmdan va uchinchi oʻrinni egallaganlarga 20 million soʻmdan pul mukofoti tantanali topshirildi.
Shuningdek respublika bosqichida ishtirok etgan barcha ishtirokchilar 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Taqdirlash marosimi katta gala-konsertga ulanib ketdi. El sevgan sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar yuzlab yoshlardagi joʻshqinlik, koʻtarinkilikka omixta boʻldi. Salyutlar otilib, osmonni yorqin ranglar yogʻdusi chulgʻab oldi.
Gʻ. Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Samarqand davlat universiteti — Markaziy Osiyodagi noyob oliy taʼlim dargohi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring