Kelgusi ikki yilda Andijonda 11 ta yangi oilaviy poliklinika hamda 29 ta mahallada oilaviy shifokorlik punkti tashkil etiladi – Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashdi

17:59 29 Sentyabr 2021 Siyosat
644 0

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 29-sentyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning Andijon viloyati boʻyicha ishonchli vakili Oʻ.Oxunov ochdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev maʼruza qilib, yigʻilganlarni oʻzining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid oʻnta ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan.

Nomzod bugungi kunda Andijon viloyatidagi dolzarb masalalarga toʻxtalib, ularni hal etish va aholi hayotini yaxshilash boʻyicha oʻz rejalarini bayon etdi.

Taʼkidlanganidek, odamlarning sogʻligʻini asrash va mustahkamlashga birinchi navbatda eʼtibor qaratiladi. Kelgusi ikki yilda shahar va tumanlarda 11 ta yangi oilaviy poliklinika hamda 29 ta mahallada oilaviy shifokorlik punkti tashkil etiladi. Viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalari toʻliq taʼmirlanib, zamonaviy jihozlanadi.

Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish maqsadida kelgusi besh yilda viloyatda 21 ming xonadonli koʻp qavatli uylar quriladi. 5 ming kilometr elektr tarmoqlari tortilib, 2 mingta transformator oʻrnatiladi. Natijada 350 mingdan ziyod aholi xonadonlari, ijtimoiy soha va tadbirkorlik obyektlarining elektr taʼminoti barqarorlashadi.

Nomzodning dasturida aholini ish bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Kelgusi besh yilda Andijon viloyatida 420 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilib qoʻyilgan.

Xususan, tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish orqali 170 ming aholi bandligini taʼminlash mumkinligi aytildi. Xizmat koʻrsatish sohasida 80 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi va xizmatlar hajmi 3 barobar oshadi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Andijon viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 40 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.

Yana bir muhim yoʻnalish investitsiya va eksport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Shu maqsadda kelgusi besh yilda umumiy qiymati 8 milliard dollardan ziyod boʻlgan 4 ming 500 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish moʻljallangan.

Viloyat eksporti hajmini 4 barobarga oshirib, yillik 2,5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini 42 foizdan 76 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Maʼruzada qishloq xoʻjaligidagi vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Yer va suv resurslaridan unumli foydalanish orqali 80 mingta yangi ish oʻrni yaratish imkoni borligi taʼkidlandi.

Taʼlim, madaniyat, sport sohalarini rivojlantirishga doir rejalar ham aytib oʻtildi.

– Biz bugun qanday islohotlarni, qanday oʻzgarishlar, qanday yangi loyihalarni rejalashtirayotgan boʻlmaylik, ularning barcha-barchasi yagona va ulugʻ bir maqsadga qaratilgan. U ham boʻlsa, inson qadrini ulugʻlash, inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratib berish, bir soʻz bilan aytganda, el duosini olib, uni rozi qilishdan iborat, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda partiya aʼzolari soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi, fuqarolarni saylovda faol ishtirok etishga undadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?