Keldi ochilur chogʻing...

13:06 16 Noyabr 2020 Jamiyat
246 0

Jamiyatda gender tengligi masalasi kecha yoki bugunning gapi emas. Tarix sahifalari va muqaddas kitoblar, hadisi sharifdan bunga ibratomuz koʻplab misollar keltirish mumkin. Zero, inson tafakkur sohibiga aylanibdiki, jamiyatda ayollar huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularni kamsitishning har qanday koʻrinishlariga barham berish, ijtimoiy faolligini oshirish borasida bosh qotiradi. Mamlakatimizdagi yangilanishlar esa mazkur dolzarb masalani mutlaqo yangi rakursdan oʻrganish va kuzatilgan kamchiliklarni qogʻozda emas, amalda bartaraf etish vazifalarini ilgari surmoqda.

Shu jihatdan Navoiy viloyatida Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlangan matbuot anjumanida hududda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yaqin istiqbolda turgan vazifalar ham muhokama etilgani alohida eʼtiborga molik.

Anjumanda Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi viloyatda Gender tenglik boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi. Chunonchi, viloyat boʻyicha 1991-2020-yillarda 208 nafar xotin-qiz davlat mukofotlari va koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangani, 856 nafar xotin-qizning turli sohalarda rahbarlik lavozimida faoliyat olib borayotganligi, joriy yilda viloyatdan 28 nafar ayol tavsiyanoma asosida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinganligi ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yoʻnalishida eʼtiborga molik koʻrsatkich sifatida qayd etildi. Shuningdek, 2020-yil boshida shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan hududlardan Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi “Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida jami 43 nafar xotin-qizga Xotin-qizlar jamoat fondi mablagʻlari hisobidan uy-joylarning boshlangʻich 10 foiz badallari toʻlab berildi.

— Viloyatda xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash hamda bandligini taʼminlash maqsadida Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan 4 milliard 300 million soʻmlik kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, 254 nafar ayol oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi, — deydi viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. — Shuningdek, yil boshidan buyon 1931 nafar xotin-qiz markazimiz tomonidan tadbirkorlik va hunarmandchilik yoʻnalishlarida oʻqitilib, ularga sertifikatlar topshirildi.

Matbuot anjumanida viloyatda Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarga huquqiy ijtimoiy yordam koʻrsatish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili ayniqsa, munozara va savollarga boy boʻldi. Mazkur masala yuzasidan viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Gulbahor Oʻsarova maʼlumot berib, joriy yilning oʻtgan oʻn oyi davomida viloyat hududida yashovchi 490 nafar ayolga maʼnaviy, ruhiy, jismoniy, iqtisodiy, jinsiy zoʻravonlik va tazyiqlardan jabr koʻrganligi uchun “Himoya orderi” berilganligini, birgina oktyabr oyida bu koʻrsatkich 180 nafarni tashkil etganligi oʻta tashvishli holat ekanligini maʼlum qildi.

Albatta, jamiyatda 28 nafar ayolga OTMga tavsiyanoma, 43 nafar oila bekasiga uy-joy uchun imtiyoz, 254 nafariga tadbirkorligi uchun kredit mablagʻlari berilayotgan bir paytda 418 nafar ayolning oilada, 32 nafar xotin-qizning koʻchada, 9 nafarining esa ish joyida tazyiq va zoʻravonlikka uchrashi(bu oshkor boʻlganlari) Gender tengligi va fuqarolarning ayolga ehtiromi hali taomildan ancha yiroqligidan dalolatdir.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalarga atroflicha javob oldilar.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?