Kelajakda kim boʻlsam ekan?

14:12 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
2383 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun bir olam orzular bilan katta hayotga intilayotgan oʻquvchi yoshlarni ana shu savol oʻylantirishi tabiiy.

Bu borada Prezidentning 2022-yil 11-maydagi “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori nazariy va amaliy bilimlarni oʻzaro uygʻunlashtirish borasidagi ishlar koʻlamini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Oʻz navbatida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab kasb egalarining mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida umumtaʼlim maktablarining 5-7 sinf oʻquvchilari uchun turli uchrashuv va sayyor darslar tashkil etish, 7-9 sinf oʻquvchilarining kasbga moyilligini aniqlash boʻyicha tashxislar oʻtkazib boriladi. Oʻrganish natijalaridan kelib chiqib, oʻquvchilar ishtirokida ishlab chiqarish korxonalari, hunarmandchilik markazlari va boshqa tashkilotlarga ekskursiyalar tashkil qilish vazifasi belgilandi.

Ayni kunlarda Fargʻona viloyati kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan kasb-hunar maktablarida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirokida shunday tadbirlar tashkil etilyapti. Kuni kecha boshqarma boshligʻi Toʻychiboy Boymatov Qoʻqon shahridagi kasb-hunar maktabida shaharda joylashgan umumtaʼlim maktablarining 7-9 sinf oʻquvchilari bilan yuzma-yuz suhbatlashdi. Unda taʼlim muassasasida oʻrgatilayotgan kasblar, oʻrta boʻgʻin sohasi mutaxassislarining jamiyat hayotida tutgan oʻrni xususida maʼlumot berildi.

— Bu kabi uchrashuvlarni viloyatning barcha kasb-hunar maktablarida oʻtkazishni rejalashtirganmiz, — deydi T. Boymatov. — Bundan koʻzlangan maqsad har bir yigit-qiz oʻziga munosib kasb tanlashiga erishish, ayniqsa, kasb-hunar maktablarida oʻqish istagidagi oʻquvchilarning tezroq ushbu taʼlim dargohlariga moslashishi uchun koʻmaklashishdir. Bugungi muloqotdan soʻng oʻnlab oʻquvchilar kasb-hunar maktabida oʻqish va yaxshi kasb egasi boʻlish istagini bildirdi.

Hozirda Fargʻona viloyati kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan viloyat boʻylab umumtaʼlim maktablari 7-9 sinf oʻquvchilarining kasb-hunarga moyilligini aniqlash boʻyicha ekskursiyalar uyushtirish hamda kasb-hunar maktablaridagi mavjud kasblar bilan tanishtirish ishlari davom etmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?