“Kelajak liderlari” dasturi davlat xizmatiga yosh rahbar kadrlarni tayyorlamoqda

22:48 06 Dekabr 2021 Jamiyat
407 0

“Kelajak liderlari” maxsus oʻquv dasturining 1-mavsumi bitiruvchilari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi. Uning ochilish marosimida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Otabek Hasanov ishtirok etdi.

Ushbu dastur davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan oʻrta boʻgʻin boshqaruv rahbarlari orasidan yangi avlod rahbar kadrlarini shakllantirish, vatanparvar, tashabbuskor va faol yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb qilishga qaratilgan.

Toʻrt kun davom etgan oʻquvda yosh, rahbar kadrlarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida ilgari surilgan gʻoyalar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirib berildi. 20ga yaqin ijtimoiy-iqtisodiy, tadbirkorlik va biznes yoʻnalishlarida sohaning tajribali mutaxassislari tomonidan seminar-treninglar va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Oʻtgan qisqa vaqt davomida yosh kadrlar faoliyatida qanday oʻzgarishlar qila olgani yuzasidan individual suhbatlar tashkil etildi. Eng quyidan yuqoriga qarab, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi holat haqida masʼul vazifalardagi yoshlarning ham fikrlari tinglandi.

— Bu Dastur biz yosh davlat xizmatchilariga katta dalda boʻldi. Koʻp hollarda yangi tayinlangan davlat xizmatchisi ishni nimadan boshlashga ikkilanadi. Oʻquv kursida esa taym menejment, natijaga yoʻnalgan boshqaruv, jamoani shakllantirish, diplomatik madaniyat kabi mavzularni chuqur oʻzlashtirdik, — deydi Namangan shahri Davlatobod tuman hokimining oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi Sardorjon Rahmonov. — Har bir shaxs rahbar boʻlishi mumkin, lekin har bir rahbar lider boʻlolmasligini, doimo oʻz ustida ishlash, rivojlanib borish zarurligini oʻzimizga shior qilib oldik. Maxsus oʻquv kursi davomida olgan bilim va koʻnikmalarimizni ish joylarimizga qaytib, 6 oy ichida hayotga tatbiq qildik.

— “Kelajak liderlari” maxsus oʻquv kursida olgan bilimlarim orqali nafaqat oʻzimni rivojlantirdim, qoʻshimcha tarzda faoliyat yuritayotgan tashkilotim — Qoraqalpoq davlat universitetidagi talabalarimga yetkazdim. Mazkur 4 kunlik intensiv malaka oshirish oʻquv kursi esa kamchiliklarimizni toʻgʻrilashga, bilim va koʻnikmalarimizni yanada rivojlantirishga imkon berdi, — dedi Qoraqalpoq davlat universiteti Jurnalistika kafedrasi assistent oʻqituvchisi Aysholpan Orazimbetova.

— Dastur tinglovchilari safida boʻlish uchun vazirlik, idoralaridan qariyb 800 nafar nomzod uch bosqichdan iborat test sinovlaridan oʻtishdi. Natijada eng koʻp ball toʻplagan 50 nafar nomzod tanlab olindi, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi Abdurahmon Umarov. — Tinglovchilarga 2 oy davomida zamonaviy taʼlim usullari asosida nafaqat Akademiya professor-oʻqituvchilari balki, vazirlik va idoralar rahbarlarining treninglarida qatnashishdi. Ularga liderlik, jamoani shakllantirish, taym-menejment, loyiha boshqaruvi, strategik tahlil, nizolarni boshqarish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi fanlardan saboq berildi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga Sertifikat berildi.
Shundan soʻng, yosh davlat xizmatchilari olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllay boshlashdi.

— “Kelajak liderlari” maxsus oʻquv dasturida 3 oylik davr davomida oʻrgangan bilim va koʻnikmalarimizni oxirgi 6 oy davomida toʻliq ish faoliyatimizga tatbiq etdik. Ushbu maxsus kurs Yangi Oʻzbekistonda rahbar qanday fazilat, bilim va kompetensiyalarga ega boʻlishi lozimligini koʻrsatib berdi, — deydi Fargʻona shahar hokimining moliya-iqtisod va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Boburbek Moʻminov. — Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, biz xalqchil davlat qurish uchun mustahkam poydevor vazifasini bajarishimiz kerak. Aynan shu maqsadda, “Kelajak liderlari” maxsus oʻquv dasturi 1-mavsum bitiruvchilari uchun maxsus intensiv oʻquv kursi tashkil etilgani 6 oy davomida faoliyatimizda erishgan yutuqlarimizga tanqidiy tahlil qilishga zamin yaratdi.

Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda “Kelajak liderlari” dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilar yuqori lavozimga tayinlanishi va oʻsishi taʼminlanmoqda. Xususan, monitoring natijalariga koʻra, 56% tinglovchi (27 nafari) avvalgi lavozimiga nisbatan yuqori lavozimga tayinlandi. 27 foiz tinglovchi esa (13 nafari) ishlab turgan tashkilotidagi yuqori lavozimlarga zaxiraga kiritildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?