Kelajagimizning besh ustuni

Foto: Hasan Paydoyev\ “Xalq soʻzi”
Global raqobat va qarama-qarshiliklar kuchaygan bugungi tahlikali zamonda muvaffaqiyatli rivojlanish uchun yuzaga kelgan vaziyatni hamda zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda yangilanish jarayoniga tayyor boʻlish qobiliyati talab etiladi. Ana shunday transformatsiyani taʼminlay olmaslik esa, hech shubhasiz, turgʻunlik va inqirozga olib keladi. Faqat islohotlar yoʻlidan dadil borish orqaligina davlat taraqqiyotining barcha yoʻnalishida barqaror oʻsishga erishish mumkin.
Transformatsiyaga ehtiyoj
Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, 30-aprel kuni yuz bergan muhim voqea — Oʻzbekiston xalqining referendum orqali yangilangan Konstitutsiyani qabul qilgani taraqqiyot sari qoʻyilgan ulkan qadam boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda koʻrsatdi. Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz bundan olti yil oldin boshlagan islohotlarimizga katta ishonch bilan qarab, ularni toʻla qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. El-yurtimizning ana shunday azmu qarori asosida davlatchiligimiz va iqtisodiyotimizni bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Yangi Konstitutsiya bilan Oʻzbekiston — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, deb eʼlon qilindi. Asosiy Qonunimizning birinchi bobida mustahkamlab qoʻyilgan ana shu beshta ustun eng muhim yoʻnalishlarni qamrab oladi va islohotlardan koʻzlangan maqsadlarga erishish imkonini beradi.
Suveren davlat sifatida boshqa mamlakat yoki tashkilotlardan toʻliq siyosiy va iqtisodiy mustaqillik mustahkamlanadi va bu tashqi taʼsirlarga yoʻl qoʻymaydi. Demokratik davlat xalq hokimiyatini eʼlon qiladi, fuqarolarga erkin saylovlar huquqini, davlat hayotida faol ishtirok etish va qarorlar qabul qilinishiga taʼsir koʻrsatish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Huquqiy davlatda butun hokimiyat barcha uchun majburiy boʻlgan va barchaga bir xil qoʻllanuvchi qonunlarga boʻysunadi. Ijtimoiy davlat tamoyillariga koʻra, fuqarolar ijtimoiy himoya bilan taʼminlanadi, hokimiyat esa ijtimoiy muammolarni hal etadi. Dunyoviy davlatda din davlatdan ajratilgan, eʼtiqod va vijdon erkinligi taʼminlanadi, diskriminatsiyadan himoyalanish kafolatlanadi.
Ovoz berish natijalariga eʼtibor berilsa, fuqarolarimiz taraqqiyotning navbatdagi yangi bosqichi uchun mamlakat huquqiy tizimini transformatsiya qilish zaruratini toʻliq anglab yetganliklarini koʻrish mumkin. Fuqarolarning huquq va majburiyatlari, davlat boshqaruvi tizimi, hokimiyatlarning oʻzaro bir-birini tiyib turish tamoyili kabi yoʻnalishlarni belgilab beruvchi Konstitutsiya bugungi kunga kelib oʻzgartirilishi kerak boʻldi. Negaki, u ayni davrdagi voqelik va jamiyat ehtiyojlariga mos boʻlishi lozim edi. Mashhur amerikalik siyosiy arbob Tomas Jefferson qachondir aytganidek, “Har bir avlod oʻz Konstitutsiyasini yozishi kerak”. Ana shu soʻzlar Konstitutsiya va huquqiy tizimni vaqtida yangilab turish boʻyicha dalil boʻla oladi. Har bir avlod oʻzining muammolariga duch keladi va ularni hal etishiga toʻgʻri keladi. Davlat ham shunday — zamonaviy chaqiriqlarga javob berishi kerak.
Asosiy Qonunni va huquqiy tizimni muttasil yangilab turish mamlakat taraqqiyotining muhim shartidir. Tarixda huquqiy tizimda oʻzgartishlarni amalga oshirmaslik oxir-oqibat tanazzulga olib kelganiga misollar koʻp. Masalan, Fransiyadagi 1789-yil inqilobi maʼlum maʼnoda jamiyatda islohotlar amalga oshirilmaganligi va eskirgan Konstitutsiya sababli roʻy bergan.
Va albatta, Konstitutsiyani oʻzgartirish ijobiy natijalarga olib kelgani boʻyicha ham koʻplab misollarni keltirish mumkin. Xususan, XX asr boshida AQSh oʻz Konstitutsiyasini iqtisodiyotning jadal oʻsishi va madaniyat boyishi jarayonlariga moslashtirgan, bu esa mamlakat rivojini yanada yuqori darajaga olib chiqqan. Yana bir misol — Yaponiya. Ikkinchi jahon urushida magʻlub boʻlgach, u oʻz Konstitutsiyasini va ijtimoiy tizimini oʻzgartirish boʻyicha strategik qadamlar tashlagan.
Asosiy Qonunni va huquqiy tizimni yangilash fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash uchun ham zarur. Yangiliklar shunday ishlab chiqilishi kerakki, toki ular jamiyatdagi oʻzgarishlarni hisobga olsin va barcha fuqarolarning huquqlarini himoya qilsin. Rossiya odil sudlov akademiyasining konstitutsiyaviy va munitsipal huquq kafedrasi professori Aleksandr Ulyanenkoning fikricha, mamlakatning meʼyoriy bazasi jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotidagi oʻzgarishlarga mos boʻlishi lozim.
Boshqacha aytganda, Konstitutsiya va huquqiy tizimni doimiy transformatsiya qilish davlat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Axir kuch va yaratuvchanlik qudrati aynan oʻzgarishlarga moyillik va moslashuvchanlikda. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, xalqimizning referendumdagi ovozi, bildirgan yuksak ishonchi barchamizga katta masʼuliyat yuklaydi, el-yurtimizni rozi qilish uchun bizni yangi marralarga undaydi, islohotlarni jadal davom ettirishda yanada katta kuch-gʻayrat va ilhom bagʻishlaydi.
Barqarorlikning hal qiluvchi ahamiyati
Bugungi kunda butun dunyo duch kelayotgan faol globallashuv sharoitida mamlakatlarda islohotlarning roʻyobga chiqarilishi nafaqat ularning rivojlanishi, balki xalqaro maydonda raqobatbardosh boʻlishi uchun ham muqarrar shartdir. Islohotlar muvaffaqiyatli boʻlishi va jiddiy ijtimoiy larzani keltirib chiqarmasligi uchun ularni amalga oshirishda mamlakat anʼanalari va qadimiy madaniyatiga tayanish lozim. Negaki, ular asrlar davomida shakllangan boʻlib, xalqning boyligi hisoblanadi. Biroq islohot oʻtkazish koʻpgina urf-odat va anʼanalarni esdan chiqarish yoki yoʻqotishga olib kelishi mumkin, bu esa — millatning oʻzligi, oʻziga xosligi yoʻqolishiga sabab boʻladi. Shu bois ham Oʻzbekistondagi yangilanishlar jarayonida xalqimizning oʻziga xosligini belgilovchi madaniyat elementlarini saqlab qolishga harakat qilinadi.
Davlatimiz rahbarining soʻzlari bilan aytadigan boʻlsak: Qadim tariximizdan kelib chiqqan holda, ota-bobolarimizga xos ezgu qadriyatlarni roʻyobga chiqarish, yaʼni insonni ulugʻlash, uning huquq va manfaatlarini taʼminlash, odamlarimiz bilan bamaslahat ish koʻrish biz uchun chinakam demokratiya namunasidir.
Albatta, har qaysi mamlakatda oʻzgarishlarga tayyor boʻlmagan insonlar bor. Lekin oldingi avlodlar tajribasini hisobga olib va unga tayanib oʻtkaziladigan islohotlar jamiyatda stress holatiga olib kelmaydi, oʻzgarishlar yoʻlini muvaffaqiyat bilan bosib oʻtish imkonini beradi.
“Eurocontinent” nashrida chop etilgan maqolada keltirilishicha, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar modeli mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan, lekin bu jarayonda uning ildizlari, boy madaniy va tamadduniy merosi saqlanib qolmoqda. “Oʻzbekiston oʻz islohotlari uchun ilhomni ham gʻarbdagi, ham Osiyodagi mamlakatlarda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlardan olmoqda. Lekin shunga qaramay gʻarb andozalarini shundayicha “import” qilish haqida soʻz ham boʻlishi mumkin emas”, deb yozdi Koʻhna qitʼa ommaviy axborot vositasi.
Aytish joizki, Oʻzbekistonning referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi koʻplab xorijiy ekspertlarda katta qiziqish uygʻotdi. Asosiy Qonunning matnini sinchiklab oʻrganib chiqishgach, ular ushbu voqeani qoʻllab-quvvatlashdi hamda Konstitusiyaning oʻzgartirilishi demokratik institutlar va fuqarolarning huquqlarini yanada mustahkamlaydi, mamlakat iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi, deya eʼtirof etishdi.
Eng koʻp tarqalgan fikrlardan biri — Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi Konstitutsiyani mamlakat rivoji va demokratlashuvida muhim qadam sifatida taqdim etgani haqidagi fikr. Ekspertlar ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlashdi hamda konstitutsiyalar zamonaviy jamiyatning talablariga javob berishi, fuqarolarning huquqlarini taʼminlashi kerakligini taʼkidlashdi. Shunga muvofiq, referendum ham yanada keng koʻlamli va dolzarb islohotlar sari birinchi qadam boʻlishiga ishonch bildirishdi.
Rossiyalik siyosatshunos va Markaziy Osiyo boʻyicha ekspert Andrey Kazansev ham Oʻzbekistonning yangi Konstitutsiyasini qoʻllab-quvvatladi, oʻzgartishlar yanada ochiqroq va raqobatbardosh iqtisodiy taraqqiyotga olib kelishini aytdi. Uning taʼkidlashicha, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kengaytirish bilan bogʻliq oʻzgarishlar demokratik institutlarni mustahkamlaydi, soʻz va fikr bildirishdagi erkinlikni oshiradi.
Bu tezisni turli mamlakatlardagi jurnalistlardan ham eshitish mumkin. Hamkasblarimiz aytishganidek, yangi Konstitutsiya ommaviy axborot vositalariga, fuqarolik jamiyatiga va siyosiy hayotning boshqa tomonlariga koʻproq erkinlik beradi. Ularning fikricha, bu Oʻzbekistonda soʻz va fikr erkinligini yanada rivojlantirish imkonini beradi. Prezident tomonidan ommaviy axborot vositalari — xalqning ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat organlariga yetkazuvchi taʼsirchan kuch, deya eʼtirof etilishi respublika rahbariyatida OAVning jamiyat, mamlakat hayotidagi oʻrnini yanada mustahkamlash boʻyicha jiddiy niyatlari borligini tasdiqlaydi.
Xorijiy ekspertlar referendum va Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasini qoʻllab-quvvatlashmoqda va uni yanada demokratik va erkin mamlakat sari qoʻyilgan qadam, deya eʼtirof etishmoqda. Ular buni yangilanishlarning muhim bosqichi uchun huquqiy bazani tayyorlashdir, deb atashmoqda. Shuningdek, mintaqada siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni hamda taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan yanada koʻlamdor islohotlarning muhim qismi sifatida baholashmoqda.
Sen-Jermen Siyosiy fanlar oliy maktabi tadqiqotchisi Enzo Padovan fikricha, mamlakatning asosiy hujjati boʻlmish Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha oʻtkazilgan referendum oʻzbek jamiyatining siyosiy va ijtimoiy hayotida asosiy voqea boʻldi.
— Aminmanki, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Oʻzbekistonning kelajagi uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi, — dedi fransuz eksperti. — Yangi Konstitutsiyadagi qoidalarni roʻyobga chiqarish boʻyicha davlat rahbari tomonidan boshlangan ish jamiyat rivojida muhim oʻrin tutadi. Ayniqsa, har bir insonning rolini mustahkamlashni alohida taʼkidlamoqchiman, bu aynan fuqaro, uning manfaatlari va huquqlari amalga oshirilayotgan islohotlarning yadrosi ekanligidan dalolatdir. Oʻzbekiston toʻgʻri yoʻldan ketmoqda, shu yoʻl mamlakatning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi, uning mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi roli va imijini mustahkamlaydi.
Asosiy qadriyatlar
Yangilangan Asosiy Qonunning shunday bir eʼtiborga molik tomoni borki, hujjatdan davlat xavfsizligi asoslarini mustahkamlovchi qoidalar oʻrin olgan va ular zamonaviy vaziyatni hisobga olgan holda takomillashtirilgan. Sayyoramizning turli burchaklarida yuz berayotgan qarama-qarshiliklar oʻz ssenariylariga koʻra turlichadir. Ammo deyarli hammasining oʻzagi va sabablari bir xil — millatlararo va konfessiyalararo kelishmovchilik, u esa agressiyani keltirib chiqaradi.
Oʻzbekiston Prezidenti referendum yakunlari haqida soʻzlar ekan, shunday iborani keltirdi: “Xalqimizda “Birdamlik bor joyda ildamlik bor”, degan dono naql bejiz aytilmagan”. Chindan ham, oʻzaro ahillik va hamjihatlik boʻlgan yurtda albatta qut-baraka, taraqqiyot boʻladi.
Davlatimiz rahbari aytganidek, bizning eng katta boyligimiz — Oʻzbekistonni oʻzi uchun yagona Vatan deb biladigan koʻp millatli buyuk xalqimizdir. Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo doʻstlik va ahillikni — mana shunday bebaho xazinamizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir.
Chindan ham, faqatgina turli millat, madaniyat va din vakillari bir-birini hurmat qilgan holda yashasagina, rivojlanish va gullab-yashnashga qodir boʻlgan jamiyatni tuzish mumkin. Milliy kelishmovchilik zoʻravonlik va buzgʻunchilikka olib keladi. Millatlararo totuvlik esa — mamlakatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashning yagona kalitidir.
Bunday muvofiqlik iqtisodiy oʻsishga ham xizmat qiladi. Turli millat vakillari hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib yashaydigan mamlakatlar oʻz salohiyati va resurslaridan ham yaxshiroq foydalanadi. Bu esa, oʻz navbatida, xalqni yanada jipslashtiradi. Mashhur siyosatchi Nelson Mandela aytganidek: “Dunyoni oʻzgartirish uchun iqtisodiy taraqqiyotdan boshqa kuchliroq vosita yoʻq. Ana shu yagona vosita barcha odamlarning hayotini yaxshilay oladi”.
Oʻzbekiston global miqyosda ana shunday ahillik va tinchlikparvar siyosatni namoyish etib kelmoqda. Bizning tashqi siyosatimizdagi shu ustuvor jihatlarga mustaqil hind jurnalisti Smita Sharma eʼtibor qaratdi. U mamlakatimizdagi referendum jarayonini yoritishda ishtirok etgan edi. Jurnalist taʼkidlashicha, yangi Konstitutsiyaning asosiy elementlaridan biri dunyo hamjamiyati, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan yoʻlga qoʻyilgan tinchlikparvarlik siyosatidir.
— Yangi Konstitutsiyada keltirilishicha, Oʻzbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, chegaralarning buzilmasligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish prinsiplariga asoslanadi, — deydi muallif.
Bunda xorijiy kompaniya va biznes vakillari bilan oʻzaro munosabatlarga ham alohida ahamiyat beriladi. Oʻzbekistonning ochiq iqtisodiyoti xorijiy sarmoyadorlarni jalb qila boshladi va ular yangilangan huquqiy bazaga muvofiq qoʻshimcha kafolatlarga ega boʻlishdi.
— Sarmoyadorlarning manfaatini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ham alohida eʼtiborga molik, — deydi BMTning Parijdagi universitetlararo qoʻmitasi raisi Erik Gishon. — Ular davlatning Asosiy Qonunida oʻz aksini topgani esa, maqtovga sazovordir. Bu juda muhim. Negaki, bugungi noaniq dunyoda har bir sarmoyador oʻzining manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinishi va oʻz loyihalarini xavfsiz mamlakatda roʻyobga chiqara olishiga ishonishi lozim.
Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Prezidenti oʻzining fundamental nutqlarida bir necha bor sarmoyadorlar huquqi himoya qilinishi haqida aytib oʻtgan. Bu esa xorijiy sarmoyadorlar uchun yanada koʻproq istiqbolli imkoniyatlar beradi.
Doimiy islohotlar — doimiy natija
Oʻzbekistondagi muhim siyosiy tadbirning oʻziga xos xususiyati shundaki, unda fuqarolar oʻz xohish-irodasini faol va munosib bildirdilar. Davlat rahbari ana shu jihatga alohida eʼtibor qaratdi.
Oʻzimizga savol beraylik, dedi Prezident, nima uchun aholimiz referendumda bunchalik faol boʻldi? Nimaga ular islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlamoqda? Chunki Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq hamda ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va koʻchalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini oʻz koʻzlari bilan koʻryaptilar.
Oddiygina aytganda, mamlakatda oʻtkazilgan referendum xalqning umumiy maqsadlar atrofida qanchalar birlasha olishi mumkinligini koʻrsatdi. Xalqning yakdilligi shu maqsadlarga erishishda hal qiluvchi omildir.
“Kuch — birlikda” degan edi buyuk Sohibqiron. Shu eʼtiqodiga rioya qilib, Amir Temur ulkan imperiya tuzdi, xalqlar va elatlarni birlashtirdi. AQSh Prezidenti Franklin Ruzvelt ham muayyan bir davrda xalqni “New Deal” Qoyasi, yaʼni ishsizlik va kambagʻallikka qarshi kurash dasturi atrofida birlashtira oldi. Natijada mamlakat inqiroz botqogʻidan chiqib, iqtisodiyot va ijtimoiy sohada katta yutuqlarga erishdi. Hozirgi davrda esa xalqni jipslashtira olish namunasini Xitoy misolida koʻrish mumkin. Fuqarolarning birdamligi tufayli iqtisodiy sohada ulkan yutuqlarga erishildi, Xitoy dunyoda yetakchi davlatlardan biriga aylandi.
Xalqimiz Prezidentning yangi Oʻzbekistonni qurish Qoyasini toʻla qoʻllab-quvvatlaydi. Bu Qoyaning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun islohotlar “non-stop” rejimida olib borilishi kerak. Taniqli avstriyalik iqtisodchi Yozef Shumpeter “faqat doimiy islohotlargina doimiy natijalarni beradi”, deb hisoblagan.
Islohotlarning muvaffaqiyatli roʻyobi uchun boshqa bir muhim asos — xalqning rahbariyatga boʻlgan ishonchi, deb hisoblaydi Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi rahbari Irina Zvyagelskaya. — Mana gap qayerda, oʻziga ishongan xalqidan yangilanish jarayonlarini davom ettirishga mandat olish uchun Prezident oʻz vakolatlarining bir necha yilidan voz kechib, muddatidan ilgari Prezident saylovini oʻtkazish Qoyasi bilan chiqdi, deb sharhlaydi ekspert Oʻzbekiston rahbarining qarorini.
— Bu tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻz xalqiga hurmati va sadoqatidan dalolat beradi, — dedi shu munosabat bilan Mokvon universiteti prorektori, Koreya Respublikasi Davlat qonunchiligi vazirligi qoshidagi Koreya qonunchilik ilmiy-tadqiqot institutining sobiq rahbari Ri Ik Xyon.
Aytish joizki, yangi Oʻzbekistonni qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar markazida aynan xalq turibdi. Bir martalik kompaniya emas, balki muntazam jarayon boʻlgan keng koʻlamli yangilanishlar hamisha xalq bilan muhokama qilinadi, kelishiladi. Chunki oʻtkazilayotgan islohotlar uning ehtiyojlariga mos boʻlishi kerak. Zero, yoʻlga qoʻyilgan ochiqlik, fuqarolar bilan muloqot taraqqiyot strategiyalarini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratadi. Bu nafaqat xalqning hayot sifatini yaxshilaydi, balki fuqarolarning hokimiyatga nisbatan ishonchini shakllantiradi, siyosiy, huquqiy ongi va madaniyatini oshiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev juda oʻrinli ibora qoʻlladi: “Bundan buyon ham jamiyat va davlat hayoti, bugungi va kelgusi taraqqiyotiga oid har bir masala boʻyicha faqat va faqat sizlar, donishmand, bagʻrikeng xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz”. Shubhasiz, Yangi Oʻzbekistonni barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, ahil va hamjihat boʻlib, birgalikda quramiz.
Oʻtkir RAHMAT.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring