Keksalarda suyak jarohatlari nega kech bitishining sababi aniqlandi

13:00 04 Sentyabr 2022 Jamiyat
807 0

Foto: Illustrativ foto

Odatda, keksa yoshli insonlarda suyaklar sinishi, darz ketishi va yorilishi bilan bogʻliq jarohatlarning bitishi uzoq vaqt talab etadi. Nemis olimlari buning sababini topdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat organizmda leykotsitlar tomonidan sintezlanadigan va inson immunitet tizimining bir qismi boʻlgan baʼzi molekulalar bilan bogʻliq.

Tahlillarga koʻra, travmatologik muammolar orasida femur boʻyni sinishining tiklanishi eng uzoq davom etadi. Germaniyada 80 yoshdan oshgan erkaklarning faqat 20 foizi va ayollarning esa atigi 40 foizi bunday jarohatdan keyin toʻliq sogʻlom hayotga qayta oladi.

Maʼlumki, sitokin molekulalari immunitet reaksiyalarining regulyatorlari hisoblanadi. Hozircha uning yuzdan ortiq turlari fanga maʼlum.

Sitokinlar hujayra yuzasiga bir qancha signallarni yuboradi. Ularning har biri boshqa bir qator signallarga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin, degan taxmin mavjud.

Berlin olimlari tomonidan jonivorlarda oʻtkazilgan tajriba davomida suyak toʻqimalarining birlashishiga ana shu molekulalar taʼsiri oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, sitokin tana yalligʻlanishga qarshi himoya reaksiyasini susaytiradi. Oqibatda reabilitatsiya davri uzayadi.

Keksa yoshli insonlarda ana shu turdagi molekulalar darajasi oshishi aniqlandi. Ularga sitokinni zararsizlantiruvchi antitanalar kiritilishi bilan suyak toʻqimalarining tiklanish jarayoni yaxshilanishi kuzatildi.

Olimlar fikricha, bu yangilik insonlarda ham klinik sinovdan muvaffaqiyatli oʻtkazilgach, amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?