Keyingi 7-yilda Buxoroda avtotransport vositalari soni 59,5 foizga koʻpaygan

16:49 22 Fevral 2024 Jamiyat
155 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Istam Ibrohimov/“Xalq soʻzi”. 2017 – 2024-yillar davomida Buxoro viloyatida roʻyxatga olingan avtotransport vositalarining soni 59,5 foizga koʻpaydi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida bajarilayotgan keng qamrovli ishlar tahliliga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida shu fakt tilga olindi.

— Tahlillar koʻrsatdiki, yoʻl-transport hodisalarining yarmidan koʻpi piyoda va velosiped haydovchilarni urib yuborish oqibatida sodir etilyapti, — deydi ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muloqot chogʻida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, JXX boshligʻi, podpolkovnik Oʻktam Askarov. — Shuni inobatga olib, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yoʻllarning aholi gavjum va avtotransport vositalari serqatnov qismlarida 8 ta yer osti oʻtish joylari qurildi. Joriy yilda yana 11 ta hududda shunday qulay inshootlar barpo etish koʻzda tutilgan.

Foto: “Xalq soʻzi”

Soha xodimlari tomonidan “Yoʻl harakati intizomi bolalikdan boshlanadi” shiori ostida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va maktab oʻquvchilariga joylarda harakatlanish asoslarini amaliy-koʻrgazmali tarzda oʻrgatish yoʻlga qoʻyildi. “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturi asosida maxsus sinf xonalari va maydonchalar tashkil etildi. Joriy yilda ular qatoriga mos tarzda 90 ta maydoncha va 104 ta sinfxona qoʻshiladi.

Yoʻl harakatini raqamlashtirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, tezlikni oshirish bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari oldini olish maqsadida jami 85 ta zamonaviy radar uskunalari, 8 ta maxsus avtomobil ( multiradar) hamda 93 ta radar mulyaji imkoniyatlaridan foydalanib kelinmoqda. Birgina yanvar oyida Gʻijduvon va Romitan tumanlari hokimliklari bilan hamkorlikda tezlikni qayd qiluvchi 9 ta radar qurilmasi xarid qilindi.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarning jamoat xavfsizligini taʼminlash, profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligiga erishish, ommaviy tadbirlarni oʻtkazish kabi masalalarga oid savollariga atroflicha javob berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?